AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
“Shinjonda davom etayotgan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat, [Xitoy hukumati tomonidan amalga oshirilayotgan] boshqa huquqbuzarliklarni inobatga olib, Bayden ma’muriyati 2022-yilgi Pekin Olimpiya va Paralimpiya o’yinlariga diplomat va rasmiy vakillarini yo’llamaydi. Biroq qishki o’yinlarda AQSh sportchilari ishtirok etadi. Mamlakat terma jamoasini to’liq qo’llab-quvvatlaymiz”, - deya ta’kidladi Oq uy matbuot kotibasi Jen Psaki.
Uning tushuntirishicha, “Xitoy Xalq Respublikasi Shinjonda inson huquqlarini qo’pol tarzda toptab, zulm qo’llab turgan bir paytda diplomat va rasmiy vakillarimizning ishtiroki [olimpiya va paralimpya o’yinlari] oddiy tadbir sifatida qabul qilinishini anglatgan bo’ladi. Biz bunday yo’ldan bora olmaymiz”, - deydi Psaki.
Shinjon avtonom hududida qariyb 14 million uyg’urlar, turkiy tillarda so’zlashuvchi boshqa diniy va etnik ozchilik vakillaridan iborat musulmonlar istiqomat qiladi. AQSh Davlat departamentining inson huquqlari bo’yicha taqdim etgan so’nggi hisobotida Shinjonda uyg’urlar hamda boshqa diniy va etnik ozchilik vakillariga nisbatan genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat davom etayotganiga urg’u beriladi.
Bu jinoyatlar 1 milliondan ziyod musulmon aholini asossiz hibsda saqlash va jismoniy ozodlikni cheklashning boshqa turlari, majburiy sterilizatsiya, majburiy abort, tug’ilish jarayonlarini cheklash bo’yicha nazorat siyosatini joriy qilish, jinsiy zo’ravonlik, qiynoq, majburiy mehnatga tortish, din va e’tiqod erkinligini cheklash, boshqa hududlarga o’tishni cheklash ko’rinishida amalga oshirilmoqda.
Bir milliondan ziyod uyg’urlar va musulmonlardan iborat ozchilik vakillari hech qanday sud hukmisiz konsentratsion lagerlarda ushlab turilibdi. Yana ikki million odam “qayta tarbiyalash” lagerlarida qolmoqda.
Prezident Jo Bayden XXR rahbari Si Zinpin bilan muloqotda AQSh Xitoy va global maydonda inson huqulari ta’minlanishini targ’ib qilish ahdida qat’iy ekanini ta’kidladi.
“[Pekin Olimpiya va Paralimpiya o’yinlariga] diplomatik delegatsiyani yo’llashdan bosh tortish shu xabarni yana bir bor tasdiqlash deganidir”, - dedi Psaki.