AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
2018-yilda sobiq prezident Donald Tramp qarori bilan AQSh Eron bilan yadroviy bitim tarkibidan chiqib ketgan edi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, rasman Keng qamrovli harakatlar qo’shma rejasi nomini olgan bitimdan chiqish og’ir vaziyatni yuzaga keltirgan.
Diplomatning yaqinda bergan intervyusida izohlashicha, yadroviy dastur bo’yicha cheklovlarga amal qilish o’rniga Eron uni yanada xavliroq yo’llar bilan rivojlantirmoqda.
“Bu masalani hal etish uchun zarur choralar ko’rilishi lozim va biz shunday qilayapmiz”, - dedi Blinken.
Diplomatning bildirishicha, AQSh Eron yadroviy qurolga ega bo’lmasligi uchun barcha imkoniyatlarini ishga solish ahdida avvalgiday qat’iy.
“Biz hanuz yadroviy bitimga oylar emas, bir necha hafatalar mobaynida qaytishga muvaffaq bo’lsak, o’zimizning, mintaqadagi ittifoqchi va hamkorlarimizning xavfsizligi uchun eng tog’ri yo’lni tutgan bo’lamiz deb hisoblaymiz”, - dedi u.
So’nggi haftalarda AQSh va Eron o’rtasida Vena muzokaralari doirasida oz bo’lsa-da murosaga erishildi. Muloqotda “5+1” mamlakatlari Xitoy, Fransiya, Germaniya, Rossiya va bilvosita AQSh Eron va Amerikaning bitimga qaytishi masalasini hal etmoqda.
Biroq Blinken murosaga zudlik bilan erishish lozimligini ta’kidlab, vaqt ziqligiga urg’u bermoqda.
So’nggi oylarda Eron uranni yadroviy qurol yaratish darajasida boyitmoqda.
“Eron yadroviy qurol yaratish uchun qisqa fursatda yetarlicha parchalanadigan material yaratish bosqichiga tobora yaqinlashmoqda. Shuning bilan birga, Eron shunday muvaffaqiyatlarga erishmoqdaki, ularni ortga qaytarish qiyin bo’ladi. Ular bitimda nazarda tutilgan cheklovlardan kechgan holda yangi tajriba va yangi marralarga erishmoqda”, - dedi Blinken.
Diplomatning aytishicha, AQSh bitimga Eron bilan birgalikda qaytish tashabbusi amalga oshmay qolishi ehtimolini inobatga olib, Yevropa, Yaqin Sharq va boshqa mintaqalardagi ittiffoqchi va hamkorlari bilan ehtimoliy chora va variantlar ustida ishlamoqda.
“Biz har qanday ssenariyga tayyormiz. Biroq o’zimizning hamda ittifoqchi va hamkorlarimizning xavfsizligi nuqtai nazaridan bitimga qaytishimiz afzalroq bo’ladi”, - dedi Blinken.