AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
BMT ning Qochqinlar bo’yicha Oliy komissariati 29-mart kuni rohinja musulmonlarining gumanitar muammolarini hamjihatlikda hal etishga doir rejani taqdim etdi. Tashkilot Bangladesh sharqiga va dunyoning boshqa qismlariga qochib o’tib, lagerlarda ayanchli ahvolda kun kechirayotgan qariyb 1,4 million rohinja musulmonlariga yordam ko’rsatish uchun donorlardan 881 million dollardan ziyod mablag’ ajratishni so’ramoqda.
AQShning Bangladeshdagi elchisi Piter Xasning ma’lum qilishicha, Vashington Bangladesh, Myanma va dunyoning boshqa joylarida Myanma hukumati qo’llagan genotsid, insoniyatga qarshi jinoyat, ozchilikni tashkil etuvchi etnik musulmonlarni tozalash operatsiyalaridan jabr ko’rgan rohinja xalqiga qo’shimcha yordam sifatida 152 million dollar ajratishini e’lon qildi.
Myanmadan qo’shni Bangladeshga 740 mingdan ziyod rohinja musulmonlari qochib o’tgan 2017-yilning avgust oyidan buyon, so’nggi 152 million dollarlik ko’mak bilan hisoblaganda, AQSh qochqinlarga jami 1,7 milliard dollardan ziyod yordam ko’rsatgan.
Navbatdagi yordamning 125 million dollari asosan Bangladeshdagi gumanitar dasturlarga ajratiladi. Pulning ma’lum qismi Bangladeshda qo’nim topgan 920 mingdan ziyod qochqinlarga ko’mak beradigan hamkorlarga atalgan. Shuningdek, qochqinlar muammosi ta’sirida bo’lgan 540 mingdan ziyod aholiga ega mahalliy jamoatchilikka yordam berish ham nazarda tutilgan.
Moliyaning ma’lum qismi rohinja qochqinlarini oziq-ovqat, tibbiy xizmat, ichimlik suvi va kasalliklardan himoya vositalari bilan ta’minlashga sarflanadi. Shuningdek, qochqinlarning haq-huquqlari va farovonligi himoyasi, tabiiy ofatlardan va iqlim o’zgarishi oqibatlaridan saqlanishi imkoniyatlarini mustahkamlash nazarda tutilgan.
O’z navbatida, xavfsiz qochqinlar lagerini yaratishda ta’lim va daromad keltiradigan faoliyat yo’lga qo’yilishi nihoyatda muhim. Shuning uchun ham, moliyaning muayyan qismi bolalarni o’qitish va kattalarni kasb-hunarga tayyorlashga sarflanadi.
“AQSh Bangladesh hukumati va xalqi qochqinlarni qabul qilish bilan o’z zimmasiga katta mas’uliyatni olganini yaxshi tushunadi. Biz ayni damda Bangladesh rahbariyati, rohinja musulmonlari va Myanma xalqi bilan muammoga yechim topish yuzasidan hamkorlik qilayapmiz. Xususan, qulay fursat tug’ilishi bilan qochqinlar hamda mamlakat ichida boshqa hududlarga ko’chishga majbur bo’lgan musulmonlarni xavfsiz, ixtiyoriy, qadri toptalmaydigan munosib shart-sharoitlar asosida vataniga qaytishi hamda jamiyat bilan qayta integratsiyalashuvini ta’minlash ustida ish olib borayapmiz”, - dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Ned Prays.