Accessibility links

Breaking News

AQSh majburiy mehnatga qarshi kurashni to’xtatmaydi


Shinjon qayta tarbiyalash lagerlarida majburoiy mehnatga tortilgan musulmon aholi
Shinjon qayta tarbiyalash lagerlarida majburoiy mehnatga tortilgan musulmon aholi

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Jo Bayden va Kamala Harris ma’muriyati majburiy mehnatga tortish bilan aloqador jinoyatlarga qarshi kurashni izchil davom ettiradi. Vashington majburiy mehnat evaziga ishlab chiqarilgan mahsulotlarning AQSh hududiga kirib kelishiga yo’l qo’ymaydi.

Shundan kelib chiqib, AQShda 21-iyun kuni Uyg’urlarni majburiy mehnatdan himoyalash to’g’risidagi qonun kuchga kirdi. Unda Shinjon uyg’ur avtonom hududida ishlab chiqarilgan mahsulotlar importini taqiqlash nazarda tutilgan. Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasidagi ayrim kompaniyalar taklif etayotgan mahsulotlarga ham taqiq joriy qilingan. Import ma’qullanishi uchun ushbu kompaniyalar mahsulotlarni ishlab chiqarishda majburiy mehnatdan foydalanilmaganini isbotlashi kerak bo’ladi.

XXR Shinjonda genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarni sodir etmoqda. Hukumat bir milliondan ziyod uyg’urlar va ozchilik qatlami sanalgan boshqa musulmon millatlar hamda etnik guruh vakillarini “qayta tarbiyalash” lagerlarida ushlab turibdi. Lagerlarda mahkumlar majburiy mehnat, jinsiy zo’ravonlik va qiynoqqa tortilmoqda. Majburiy mafkuraviy treninglardan o’tkazilmoqda.

Majburiy mehnat Shinjon lagerlaridan olis hududlarda ham qo’llanilmoqda. Uyg’urlar va shinjonlik boshqa ozchilik guruhlari Xitoyning turli hududlarida ishlashga majburlanmoqda.

Uyg’urlarni majburiy mehnatdan himoyalash to’g’risidagi qonun ijrosini AQSh Bojxona va chegara muhofazasi xizmati amalga oshirmoqda. Xususan, Shinjonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar, buyumlar va anjomlar, shu hudud qazilma boyliklaridan yaratilgan tayyor yoki yarim tayyor tovarlar importini nazorat qilmoqda. Cheklov yoki taqiq qo’llanilmasligi uchun importni amalga oshiruvchi tomon ishlab chiqarish jarayonida majburiy mehnatdan foydalanilmaganini isbotlovchi aniq va ishonarli dalillarni taqdim etishi shart.

AQSh davlat kotibi Entoni Blinkenning ta’kidlashicha, qonun loyihasi Kongressda har ikki partiya vakillari tomonidan yuqori darajada qo’llab-quvvatlangan.

“Davlat departamenti Shinjonda majburiy mehnatga qarshi kurashni davom ettirish, inson huquqlarining shu qadar qo’pol buzilishiga qarshi xalqaro hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Kongress va idoralararo hamkorlar bilan ishlash ahdida qat’iy. Biz Shinjon bo’yicha hisobdorlikni oshirish uchun konkret choralar qo’lladik. Xususan, viza cheklovlari, Global Magnitskiy qonuni asosida moliyaviy sanksiyalar, eksport nazorati, musodara orderi va import cheklovlari joriy etilgan. Idoralararo hamkorlarimiz bilan birgalikda kompaniyalarni majburiy mehnat evaziga qo’lga kiritilgan mahsulotlar importini taqiqlashga doir AQShning yuridik majburiyatlaridan ogohlantirib boramiz”, - dedi Blinken.

“Biz ittifoqchi va hamkor davlatlarni global ta’minot tizimini majburiy mehnatdan holi saqlashga, Xitoy hukumatini Shinjonda zulm qo’llashni, inson huquqlarini toptashni, xususan, majburiy mehnatga tortishni to’xtatishga undashda birga harakat qilishga chaqiramiz”, - dedi diplomat.

XS
SM
MD
LG