Accessibility links

Breaking News

Urush zonalarida bolalar himoyaga muhtoj


Kongo Demokratik Respublikasida bemor bolalar
Kongo Demokratik Respublikasida bemor bolalar

AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola

Qurolli to’qnashuvlar bolalar ruhiyatida og’ir iz qoldiradi. BMT 18-iyul kuni taqdim etgan hisobotda qayd etilishicha, 2021-yilda bolalarning huquqlari qo’pol tarzda toptalgan 23 982 ta holat ro’yxatga olingan. Jabrlanganlarning uchdan bir qismi qizbolalar. Bolalarni o’g’irlash va ularga jinsiy zo’ravonlik qilish holatlari o’tgan yil 20 foizga oshgan. Zo’rlash va jinsiy zo’ravonlikning boshqa turlaridan jabrlanganlarning 98 foizini qizbolalar tashkil etgan.

“Bolalar va qurolli to’qnashuvlar” hisobotining bu yilgi taqdimoti konfliktlarning bolalar hayotida qanday aks etishi masalasiga xushyor nigoh tashlashga sabab bo’lmoqda”, - deydi AQSh diplomati, maxsus siyosiy masalalar bo’yicha katta maslahatchi Jeffri Delorentis.

Jeffri Delorentis
Jeffri Delorentis

“Efiopiyada minglab bolalar o’z uyini tark etishga, oila a’zolaridan ajralishga mahkum qilingan, jinsiy zo’ravonlik nishoniga aylangan”, - deya ta’kidladi diplomat.

Shuningdek, konflikt Yamanda ham “bolalarni azob-uqubatga soldi. Xususan, ular gumanitar imkoniyatlardan chetlatildi, qatl qilindi, yaralandi, jinsiy zo’ravonlikka tortildi, majburiy mehnatga yollandi, to’qnashuvlarga jalb etildi”.

Keyin Rossiyaning Ukrainaga qarshi boshlagan qaqshatqich va asossiz urushi “bolalarga qarshi zulm tarixida yangi sahifa ochdi”, - deydi Delorentis.

“Ukrainada Rossiya kuchlari tobora ko’proq shifoxona va maktablarni nishonga olar ekan, bolalar yanada dahshatli xavf ichida kun kechirmoqda. Rus qo’shinlari “filtrlash” deb atalgan operatsiya doirasida 1 milliondan ziyod ukrainaliklarni Rossiyaga majburiy ko’chirgani ma’lum qilingan. Ularning 260 mingdan ziyodi bolalardan iborat.

Rossiya kuchlari nishonga olgan maktab. Chernigov, Ukraina, 24-aprel, 2022.
Rossiya kuchlari nishonga olgan maktab. Chernigov, Ukraina, 24-aprel, 2022.

Bu orada Rossiyaning bolalar huquqlari bo’yicha komissari Kremlning Rossiyada ukrainalik bolalarni boqib olishni tezlashtirishga doir yangi tashabbusini olqishlamoqda”, - deydi diplomat.

Garchi xushxabarlar ham yo’q emas. BMT hisobotida keltirilishicha, turli mamlakatlar, xususan, Markaziy Afrika Respublikasi, Kolumbiya hamda Kongo Demokratik Respublikalarida jami 12214 nafar bola qurolli guruhlar ixtiyoridan ajratib olingan. Shuningdek, Efiopiya shimolida va Yamanda erishilgan gumanitar sulh ijobiy natijalarga eltishi mumkin. Jumladan, zulmdan chekingan tomonlar fursatdan foydalanib mustahkam tinchlik sulhi bo’yicha muzokaralarga e’tibor qaratishi mumkin.

Shunga qaramay, “Bolalarni nizolar ta’siridan asrash uchun yetarli chora ko’rmaganimiz rost. Bolalarni himoyalash bilan kollektiv kelajagimizni himoyalagan va asragan bo’lamiz hamda uzoq cho’zilgan konfliktlarga barham berish sari amaliy qadam tashlagan bo’lamiz. Bolalarni himoya qilish xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashning ajralmas qismidir”, - dedi diplomat.

XS
SM
MD
LG