AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Besh yil avval Myanma harbiylari rohinja musulmonlariga qarshi zulm kampaniyasi boshlagan, qishloqlarni vayron qilib, ayollarni zo’rlab, aholini qiynoqqa tortgan edi. Yirik masshtabli hujumlar natijasida minglab erkaklar, ayollar va bolalar halok bo’lgan. O’z uylarini tark etishga majburlangan 740 mingdan ziyod aholi boshpana istab qo’shni Bangladeshga qochib o’tgan.
Joriy yilning mart oyida AQSh davlat kotibi Entoni Blinken Myanma harbiylari roninja musulmonlariga qarshi uyushtirgan qirg’inni genotsid va insoniyatga qarshi jinoyat deb atadi.
2021-yilning fevralida Myanmada amalga oshirilgan harbiy to’ntarish ortidan hokimiyatga kelganlarning aksariyati rohinja qatliomida ishtirok etgan. Ular hanuz mamlakatning demokratik kelajagini yo’q qilish maqsadida aholiga repressiya va qiynoq qo’llashda, fuqarolarni qatl etishda davom etmoqda.
Hukmron rejim tarafidan yaqinda to’rt nafar demokratiya tarafdorlari va muxolifat yetakchilarining qatl etilgani harbiylar rejimining inson huquqlari va qonun ustuvorligini qay darajada poymol qilayotganiga yana bir misol bo’ldi.
Harbiylar hukumati zulmni kuchaytirishda davom etar ekan, mamlakatda gumanitar ahvol og’irlashmoqda. Xususan, etnik va diniy ozchilikni tashkil etuvchi guruhlar bosim ostida. Ular orasida eng qattiq siquvga olinayotgani va zulm qo’llanilayotgani hanuz rohinja musulmonlari bo’lib qolmoqda.
AQSh Myanmadagi qatliom jinoyati bo’yicha mustaqil tergov mexanizmini qo’llab-quvvatlaydi. Xususan, Genotsid to’g’risidagi konvensiya asosida Gambiya Xalqaro sudda qo’zg’agan ishni hamda dunyo bo’ylab Myanma harbiylari vahshiyliklari bo’yicha tergov olib borish vakolatiga ega sudlarni dastaklaydi.
Shuningdek, AQSh BMT Xavsizlik Kengashining harbiy rejimning mas’ul vakillarini jabvobgarlikka tortish va adolat o’rnatish bo’yicha joriy etgan chora-tadbirlarini qo’llab-quvvatlaydi. Xususan, Xavfsizlik Kengashining Mynamadagi vaziyat bo’yicha Xalqaro jinoiy sudga murojaat qilishi tarafdori bo’lgan bo’lar edi.
AQSh 2017-yildan beri rohinja musulmonlari hamda Myanma, Bangladesh va mintaqaning boshqa hududlarida harbiylar tahdidi ostida yashayotgan odamlarning birlamchi gumanitar ehtiyojlarini qoplash uchun 1,7 millirad dollardan ziyod moliya ajratdi.
Qo’shma shtatlar Rakxayn shtatida amalga oshirilgan vahshiy jinoyat tufayli hayoti izdan chiqqan aholiga gumanitar yordam qo’lini cho’zayotgan yagona yetakchi donor davlat sifatida qolmoqda. Shuningdek, ushbu mintaqada rohinja musulmonlariga o’z hududidan boshpana taqdim etgan barcha hukumatlar bilan yaqin hamkorlikda ishlamoqda.
“Biz ushbu mintaqadan, xususan, Bangladeshdan ham qochqinlarning sezilarli darajada ko’proq ko’chirilishi va AQShda yangi hayot boshlashiga imkon yaratish ustida ishlayapmiz”, - deya bayonot berdi davlat kotibi Blinken.
AQSh rohinja musulmonlari hamda Myanma xalqini, ularning ozodlik, inson huquqlari va demokratiya uchun kurash yo’lidagi intilishlarini adolat va hisobdorlikni ta’minlash, harbiylar rejimiga iqtisodiy va diplomatik bosimni kuchaytirish, fuqarolarning huquqlari va sha’nini himoya qilish yo’li bilan dastaklaydi.