AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
“Demokratik boshqaruv dunyoning ko’plab mamlakatlari xalqlari manfaatiga xizmat qilmoqda. Biz ayni damda bu tashabbuslarni dastaklash uchun ulkan imkoniyatlarga egamiz”, - dedi AQSh davlat kotibi Entoni Blinken BMT minbarida so’zlar ekan.
Diplomatning ta’kidlashicha, demokratiyani mustahkamlashda hukumatlar muhim rol o’ynaydi:
“Dekabr oyida o’tgan Demokratiya bo’yicha global sammitda Prezident Bayden Demokratik yangilanish tashabbusini ilgari surdi. Biz o’z zimmamizga olgan missiya uchun 425 million dollar moliya ajratdik. Birinchi yil mablag’ning 55 million dollari USAID tashkilotining Demokratik taraqqiyot bo’yicha hamkorlik dasturiga sarflanadi”.
Blinkenning ta’kidlashicha, hukumatlar bilan ishlashning o’zi kamlik qiladi:
“Bizga boshqalar, xususan, demokratik tuzumning mustahkamlanishidan birday manfaatdor bo’lgan xususiy sektor ham qo’shilishi kerak. Shaffoflik, korrupsiyaga qarshi kurash, qonun ustuvorligi – bularning barchasi bizneslar o’rtasida odil raqobat maydonini yaratishga xizmat qiladi. Inson va mehnat huquqlarini hurmat qilgan mamlakatlar esa odatda barqaror va ishonchli hamkor bo’ladi”.
Davlat va xususiy sektor hamkorligi zamirida xususiy sektor ham jiddiy kuchga ega. “Hukumatlar bilan ishlashda rivojlanayotgan mamlakatlarga sarmoya kiritish xavflarini kamaytirish uchun xususiy sektor bilan hamkorlik qiladigan Taraqqiyotni moliyalash korporatsiyasi ham muhim ahamiyatga ega”, - deydi diplomat.
Blinkenning izohlashicha, demokratik tuzumlar ayni damda korrupsiya muammosini hal etish ustida ishlashi lozim:
“Korrupsiya global yalpi ichki mahsulotning besh foiz ulushini o’z domiga yutmoqda. Bu barchamizga ayon, korrupsiya investitsiyalar yo’lidagi g’ov. U raqobatni izdan chiqaradi, notenglikni kuchaytiradi, u demokratiyani vayron qilishga qodir eng qudratli kuch bo’lishi mumkin, u xalqning hukumat va institutlarga bo’lgan ishonchini yo’qqa chiqaradi. Bu esa korrupsiyaning demokratiyani yemiruvchi eng kuchli omil ekanini ko’rsatadi. U, shuningdek, xorijiy aralashuv, dezinformatsiya, transmilliy repressiya hamda avtoritar hukumatlar demokratiyani zaiflashtirish uchun qo’llaydigan boshqa choralarga qulay zamin yaratadi”.
“Xulosa shunday. Nazarimda, demokratik tuzumlar taqdiri ayni damda har qachongidan-da chambarchas bog’liq. Qancha qudratli va barqaror demokratik tuzum yaratsak, xalqlar bundan shuncha ko’p manfaat ko’radi”, - dedi Blinken.