AQSh siyosatini aks ettirgan rasmiy maqola
Rossiya kuchlari Ukrainaga bostirib kirganidan buyon minglab tinch aholi vakillarini o’ldirdi va yaraladi. 13 milliondan ziyod ukrainaliklarning o’z vatanini tashlab xorijga bosh olib ketishiga sababchi bo’ldi. Suv va elektr ta’minotiga xizmat qiladigan muhim infrastrukturani vayron qildi. Shifoxonalar, maktablar va turarjoylarni portlatdi. Shaharlardagi tarixiy obidalarni yakson qildi.
AQShning global jinoiy javobgarlik bo’yicha maxsus elchisi doktor Bet Van Shaakning ta’kidlashicha, Ukrainaga qarshi agressiya ushbu mamlakatning Rossiya qo’shinlari kirib borgan barcha hududlarida tizimli harbiy jinoyatlar bilan birga kuzatildi.
“Biz tinch aholi vakillari va harbiy asirlarga qilinayotgan vahshiy munosabat hamda bu jinoyatlarni yashirishga urinish hollarini kuzatib turibmiz”, - deydi diplomat.
“Qo’li bog’langan fuqarolar qatl etilayotganidan xabardormiz. Murdalarda qiynoq belgilari qayd etilmoqda. Gender zo’ravonlik, xususan, ayollar va bolalarni jinsiy zo’rlash hollariga doir dalillarimiz bor”, - deya ta’kidladi elchi.
Ukraina Bosh prokuraturasi shu kunga qadar harbiy jinoyat sifatida baholanishi mumkin bo’lgan minglab holatlarni aniqladi.
Rossiya hukumati, shuningdek, minglab Ukraina fuqarolarini filtrlash operatsiyalarining keng transmilliy infratuzilmasiga jalb qildi. Ushbu operatsiyalar doirasida jismoniy va psixologik zo’ravonlik, shuningdek, sud va tergov jarayonlarisiz qatl etish hollariga doir ishonchli dalillar to’plangan. Shuning bilan birga, ukrainalik tinch aholi vakillarini majburan ko’chirish va deport qilish, minglab ukrain bolalarini qo’lga olib, rossiyalik oilalar safiga majburan qo’shish holatlari bo’yicha ham dalillar talay.
Bu ma’lumotlar Rossiya kuchlari kirib borgan barcha hududlarda zulm qo’llanganiga doir ayanchli haqiqatni oshkor qiladi. Darhaqiqat, Kremlning Checheniston, Suriya va Gruziyaga qarshi amalga oshirgan harbiy operatsiyalari chog’ida ham ana shunday zulm qayd etilgan edi.
AQSh xalqaro hamjamiyatning Ukrainada amalga oshirilayotgan vahshiyliklarni tergov qilishga doir urinishlarini qo’llab-quvvatlaydi. Ukraina roziligi asosida Xalqaro Jinoiy sud boshlagan tergovlar shular jumlasidan. Shuningdek, Ukraina masalasi bilan shug’ullanayotgan BMT ning Tergov komissiyasi hamda ushbu tashkilotning Inson huquqlari monitoringi missiyasi faoliyat yuritmoqda.
Yevropaliklar “Yevroyust” tarmog’idan foydalangan holda qo’shma tergov guruhini joriy qildi. Xalqaro jinoyatlarni fosh qilishga xizmat qiladigan dalillar arxivi sifatida xizmat qilish maqsadida o’z nizomini ishlab chiqdi va qo’shimchalar kiritdi.
AQSh hukumati Rossiyaning Ukrainadagi zulmini tergov qilish va hujjatlashtirishga urinayotgan Ukraina Bosh prokuraturasiga keng texnik yordam ko’rsatmoqda.
Jahon mamlakatlari ham Ukrainada amalga oshirilayotgan vahshiylik uchun Rossiyani javobgarlikka tortish missiyasi atrofida jamlanmoqda.