Accessibility links

Breaking News

Blinken: Dunyoni ayollar ishtirokisiz yaxshilay olmaymiz


Nepallik ayollar
Nepallik ayollar

Dunyoning eng dolzarb muammolarini uning yarim aholisi ishtirokisiz hal qilish mumkinmi? Ayollarning global iqtisodiy xavfsizligi bo'yicha AQSh boshlagan birinchi strategiya tashabbusini e’lon qilgan Davlat kotibi Entoni Blinkenga ko’ra, buning aslo iloji yo’q.

“COVID” pandemiyasidan inklyuziv tiklanish uchun bizga ayollarning toʻliq iqtisodiy ishtiroki kerak. Bizga mojarolarni hal qilishda ularning yetakchiligi kerak. Iqlim inqirozini yengish uchun ham ularning g‘oyalari va innovatsiyalari kerak”, - dedi Blinken.

Yana uning aytishicha, AQShning yangi strategiyasi zamirida oddiy qarash bor: ayollar va qizlar hamma joyda iqtisodiy oʻsish va farovonlikka hissa qoʻsha oladigan va undan bahramand bo’ladigan dunyo yaratish.

“Bunday dunyoda biz hammamiz yaxshi bo'lamiz. 2025-yilgacha ishchi kuchidagi gender tafovutini bartaraf etish jahon iqtisodiyotiga 28 trillion dollargacha qiymat qo'shadi”, - dedi u.

Biroq ayollarning to'liq iqtisodiy ishtiroki uchun ijtimoiy, huquqiy va moliyaviy to'siqlar bor. Blinken Qo'shma Shtatlar amalga oshiradigan to'rtta harakat yo'nalishini belgilab berdi:

“Avvalo, biz ayollarning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshiramiz. Shunda ayollar barcha sohalarda, jumladan, bosh direktor va boshqaruv kengashi aʼzolari sifatida toʻliq ishtirok etishi va yetakchilik qilishi mumkin”, - dedi Blinken.

Sa'y-harakatlarning ikkinchi yo'nalishi ayollarga iqtisodiyotda to'liq ishtirok etish imkonini beradigan asosiy yordamni - bolalarni parvarish qilish, qariyalarga g'amxo'rlik qilishni qo’llab-quvvatlashdan iborat bo'ladi. Uchinchi yo'nalish ayollar tadbirkorligini va moliyaviy, raqamli sohalardagi ishtirokini kuchaytirishga qaratilgan bo'ladi. Va nihoyat, Qo'shma Shtatlar ayollarning iqtisodiyotdagi teng huquqli ishtiroki uchun tizimli to'siqlarni yo'q qilishga yordam beradi.

Qo'shma Shtatlar davlatlarni kamsituvchi qonunlarni bekor qilishga va gender tengligini targ'ib qiluvchi islohotlarni himoya qilishga undaydi.

"Ushbu sa'y-harakatlarning har bir yo'nalishi bo'yicha biz butun dunyodagi hamkorlar bilan birglalikda ishlaymiz", - dedi u.

"Ayollarning iqtisodiy xavfsizligini ta'minlash - bu to'g'ri ish, lekin ayni paytda aqlli va zarur narsa, - dedi Blinken. - Har kim o‘z salohiyatini to‘la ishga solishga hissa qo‘sha olsa, iqtisodiyotimiz yanada farovon bo‘ladi, jamiyatimiz imkoniyatlarga to‘la bo‘ladi, mamlakatlarimiz tinchroq va hammaning turmushi yaxshiroq bo’ladi”.

XS
SM
MD
LG