Yaqinda Vashingtonda bo'lib o'tgan muhokamada AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken dunyo "burilish nuqtasida" ekanligini, hozirgi qarorlar kelajakni belgilab berishini aytdi.
Uning ta'kidlashicha, Sovuq urush tugaganidan keyin davom etgan nisbatan xavfsiz va farovon davridan so'ng bezovtaliklar o’rtaga chiqmoqda.
“Shubhasiz, Xitoy biz yashayotgan tizimni oʻzgartirish bo’yicha ham kuchga, ham niyatga ega. Biz har kuni duch kelayotgan qasoskor Rossiya ham. O'zaro bog'liq va afsuski, bir-birini kuchaytiradigan transmilliy va global muammolarga qarshi samarali kurashish yo'lini topishimiz kerak”, - dedi Blinken.
Bu muammolar qatoriga kutilmagan oqibatlarni keltirib chiqaruvchi axborot tizimlarining tarqalishi, migratsiya, oziq-ovqat xavfsizligi, iqlim o'zgarishi, global sog'liq uchun tahdidlar, demokratiyaning tanazzulga uchrashi va geosiyosiy raqobat kiradi.
“Biz dunyo qanday bo'lishi haqida aniq tasavvurga egamiz: erkin, xavfsiz, ochiq va farovon. Bu o'z yo'li qanday bo'lishini mustaqil hal qiladigan mamlakatlarni anglatadi. Bu qoidalar asosida qurilgan, shaffof, adolatli hamda tovarlar, ma'lumotlar va odamlar qonuniy va erkin harakatlanadigan xalqaro tizimni o’zida ifodalaydi”, - dedi AQSh bosh diplomati.
Boshqa tomondan, dedi Blinken, biz so'nggi 75 yil ichida farovonlikka olib kelgan me'yor va standartlarni yo'q qilmoqchi bo'lgan davlatlarga duch kelyapmiz; ular ta'sir doiralarini qayta tiklashni va iqtisodiy kuchga ega bo'lish uchun yirtqich amaliyotlardan foydalanishni xohlaydigan davlatlar.
Bunday dunyoqarashga qarshi turish uchun Qo'shma Shtatlar, birinchi navbatda, o'zining raqobatbardoshligiga sarmoya kiritmoqda. Ikkinchidan, u NATO va Sharqiy Osiyoda ittifoq va sheriklik munosabatlarini tiklashga harakat qilmoqda.
“Shu bilan birga, biz maqsadga muvofiq hamkorlikni qurmoqdamiz. Unda turli mamlakatlar, nafaqat mamlakatlar, balki boshqa manfaatdor tomonlar, ishtirokchilar, xususiy sektor, nodavlat-notijorat tashkilotlari muammolarni hal qilish uchun birga ish tutadi”, - dedi Blinken.
“Bayden doktrinasi”ni ta’riflash so’ralganda, Blinken shunday dedi:
“Bu o’zimizda qudratimizni va raqobatbardoshligimizni oshirishdan, biz kiritayotgan sarmoyalardan boshlanadi; keyin esa yangi ittifoqlar va yangi hamkorlikni yo'lga qo'yishni o’z ichiga oladi. Chunki biz bu ishlarni yolg'iz o'zimiz qila olmaymiz".