Hisobot: Belarusda inson huquqlari muttasil poymol qilinmoqda

Belarus xavfsizlik kuchlari

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti (YXHT) Belarusda 9-avgust kuni bo'lib prezidentlik saylovlaridan keyin Aleksandr Lukashenko rejimi inson huquqlarini ommaviy va tizimli ravishda buzib kelayotganini e’lon qildi.

YXHT hisobotida ta'kidlanishicha, Lukashenkoning tazyiq siyosatidan asosiy maqsadi "namoyishchilarni jazolash va ularni va boshqa potentsial namoyishchilarni qo'rqitish”.

Belarusda o’tgan bir necha oy davomida tinch namoyishchilar, muxolifat faollari va jurnalistlarga nisbatan qiynoqlar, o'zboshimchalik bilan hibsga olish hamda so'z erkinligi, uyushish va tinch yig'in o’tkazish huquqlarining cheklanishi kabi qonunbuzarliklar sodir etilgan.

Xalqaro huquq bo’yicha ekspert Volfgang Benedekning aytishicha, xavfsizlik kuchlari tomonidan siyosiy norozilikka qarshi tazyiq, qiynoq va yomon munosabatda bo'lish to'g'risida bildirilgan shikoyat hujjatlari bo’yicha hali ham hech kim javobgarlikka tortilmagani juda xavotirli.

“Bu siyosiy ishlar bo'yicha adolatli sud jarayoni yo’qligini tasdiqlaydi", - deydi u.

Ommaviy namoyishlar Belarus bo'ylab bahsli saylovlar ortidan hanuz davom etmoqda. 26 yildan beri hukmronlik qilayotgan va saylov adolatsiz o’tganini tan olishdan bosh tortgan Prezident Lukashenko namoyishlarni bositirishga urinmoqda.

Matbuot xabarlariga ko'ra, Lukashenko mamlakatning g'arbiy chegaralarini qisman yopib, ichki ishlar vazirini almashtirgan va xavfsizlik xizmatini namoyishchilarga qarshi keskinroq choralar ko’rishga chaqirgan.

Qo'shma Shtatlar "Belarus xalqining qat'iyati va qadr-qimmatidan ilhom oladi", dedi Davlat kotibi Mayk Pompeo.

"Amerika Qo'shma Shtatlari Belarus hukumatini tazyiqlarni to'xtatishga hamda mustaqil kuzatuv ostida erkin va adolatli saylov o'tkazish bo’yicha Belarus xalqi talablariga quloq solishga chaqiradi", - deya qo’shimcha qildi Pompeo.

YXHT o’z hisobotida Belarus rasmiylariga inqirozni tugatish bo’yicha tavsiyalar bergan.

Ular quyidagilardan iborat: Belarusga YXHT kuzatuvchilar missiyasini yuborish; Belarus xalqiga qarshi zo'ravonliklarga chek qo'yish; qonunbuzarliklar uchun javobgar bo'lganlarni jazolash.

Bundan tashqari, nohaq hibsga olinganlarning barchasini ozod etish va siyosiy muxolifat hamda fuqarolik jamiyati vakillari bilan mazmunli milliy muloqot o’rnatish tavsiya qilingan.

Amerika Qo'shma Shtatlari adolatli va erkin saylovlar yo'lida Belarus xalqi bilan birga ekanini ma’lum qildi.