Prezident Donald Tramp "odam savdosiga hissa qo'shganlarning barchasini javobgarlikka tortish va bu dahshatli jinoyatdan aziyat chekkanlarni erkinlikka olib chiqish" ahdiga sodiq qolishini ta’kidladi.
Shu maqsadda Prezident Tramp yaqinda o'z ma'muriyatining Odam savdosiga qarshi kurash bo'yicha milliy harakat rejasini e'lon qildi. Bu reja Amerika Qo'shma Shtatlari ichida ham kattalar, ham bolalar ekspluatatsiyasini tugatishga qaratilgan. U uch maqsad atrofiga qurilgan: profilaktika, himoya qilish va jazolash.
AQSh immigratsiya va bojxona nazorati va boshqa federal agentliklar so'nggi uch yil ichida 5000 dan ortiq odam savdogarlarini hibsga oldi.
"Biz jinoiy uyushmalarni yo’q qilyapmiz, chunki ularning moliyaviy infratuzilmasini buzmoqdamiz, - dedi Prezident Tramp Milliy harakatlar rejasining kirish qismida. - Huquqni muhofaza qilish idoralari janubiy chegara bo'ylab faoliyat yuritadigan odam savdosi tarmoqlarini yo'q qilish uchun Meksika huquqni muhofaza qilish organlari vakillari bilan hamkorlik qilmoqda”.
AQSh, shuningdek, barcha davlatlarni, bizneslar va iste'molchilarni majburiy mehnatdan ozod bo'lgan global ta'minot zanjirlaridan foydalanishga chaqirmoqda. Davlat kotibi Mayk Pompeoning so'zlariga ko'ra, Davlat departamenti "Shinjon va butun Xitoy bo'ylab uyg'urlarga va boshqa etnik va diniy ozchilik guruhlar a'zolariga qarshi repressiya kampaniyasini olib borayotgan Xitoy Kommunistik partiyasini qat'iy ravishda qoralashda davom etadi".
Qo'shma Shtatlar Xitoy Xalq Respublikasi va Xitoy Kommunistik partiyasining inson huquqlari buzilishi uchun mas'ul deb hisoblangan bir qator mansabdor shaxslariga viza cheklovlarini joriy qildi.
"Xitoy Kommunistik partiyasi bu kabi qonunbuzarliklarni davom ettirar ekan, - dedi Pompeo, - biz sanoat, mehnat himoyachilari va boshqa hukumatlar bilan ishlashda davom etamiz va bu masalaga e'tiborni qaratib, Xitoy hukumatini qabul qilib bo’lmas majburiy mehnat siyosatini darhol to'xtatishga chaqiramiz”.
Amerika Qo'shma Shtatlari odam savdosining barcha turlarini mamlakatda va chet elda tugatishga qat'iy qaror qilgan.
"Ushbu dahshatli jinoyat jamoalar va shaxslar xavfsizligiga tahdid solishda davom etishi mumkin emas, - dedi kotib Pompeo. - Biz uni engish uchun oldinga intilamiz."