Qo'shma Shtatlar Xitoy Kommunistik partiyasining Shinjondagi uyg'urlar va boshqa ozchilik musulmon guruhlar huquqlarini qo'pol ravishda buzayotganiga doimiy ravishda e'tibor qaratib keladi. Davlat kotibi Mayk Pompeo Xitoy Xalq Respublikasi bir milliondan ortiq odamni lagerlarda saqlab, shu jumladan, aholini doimiy kuzatuv va shafqatsiz nazorat ostida ushlashini va majburiy mehnatga jalb qilishini “asr dog’i” deb atagan.
So'nggi bir yil ichida Davlat departamenti shu masalada bir qator Xitoy rasmiylariga sanksiyalar qo'lladi.
Sanksiyaga yo’liqqan Xitoy Kommunistik partiyasi mulozimlari ro’yxatiga Siyosiy byuro a'zosi Chen Quanguo, Kommunistik partiyaning mintaqadagi kotibi, Shinjon siyosiy va huquqiy qo'mitasining partiya kotibi Chju Xailun va Shinjon jamoat xavfsizligi byurosining hozirgi partiyaviy kotibi Van Mingshan kirgan.
Bundan tashqari, Savdo vazirligi Xitoyning 48 ta subyektiga, shu jumladan, mintaqaviy davlat idoralariga, mahalliy politsiya va xavfsizlik texnologiyalari kompaniyalariga eksportlar bo’yicha cheklovlar qo'ydi.
AQSh Bojxona va chegara nazorati agentligi ham faol ish olib bormoqda. Majburiy mehnat evaziga ishlab chiqarilgan tovarlar Qo'shma Shtatlarga kirib kelishining oldini olish uchun 2019-yil sentabr oyidan buyon Shinjon mintaqasida ishlab chiqarilgan turli xil mahsulotlarni to’xtatish bo’yicha sakkizta buyruq chiqarilgan.
Bojxona va chegara nazorati agentligi Shinjonda majburiy mehnat orqali paxta, kiyim-kechak, texnologiya va soch mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 4 ta kompaniyani nishonga olgan.
"Ushbu harakatlar orqali Ichki xavfsizlik vazirligi noqonuniy va g'ayriinsoniy majburiy mehnatga qarshi kurashmoqda. Majburiy mehnat zamonaviy qullikning bir turidir", - dedi Ichki xavfsizlik vaziri o'rinbosari vazifasini bajaruvchi Ken Kuchinelli.
Xitoy Xalq Respublikasi ham bu xabardan ogoh bo’lishi kerak, dedi Davlat kotibi Pompeo.
"Davlat tomonidan yoqlangan majburiy mehnat amaliyotiga barham berish va barcha odamlarning inson huquqlarini hurmat qilish vaqti keldi", - deya qo’shimcha qildi u.