Afg’onistonda gumanitar vaziyat juda og’ir. Yarmi bolalardan iborat 600 ming odam urush va zo’ravonlik tufayli uy-joyini tark etgan. Ocharchilik xavf solmoqda. Bir milliondan ortiq besh yoshgacha bo’lgan bolalar ochlikka yuz tutgan. Sog’liqni saqlash tizimi butunlay ishdan chiqish arafasida.
Tolibon Afg’onistonni egallab olishi ortidan BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish bu mavzuga e’tibor qaratgan edi.
“Afg’oniston xalqi yashab qolish uchun yordamga muhtoj. O’nlab yillik urush, mashaqqat va xavf-xatar ortidan ular eng xavfli davr bilan yuzlashmoqda. Hozir xalqaro hamjamiyat ularning yonida turishi kerak bo’lgan palla”, - dedi u.
AQShning BMTdagi elchisi Linda-Tomas Grinfildning aytishicha, Qo’shma Shtatlar afg’on xalqini qo’llab-quvvatlash va ularga gumanitar yordam ko’rsatish ahdida qat’iy.
Uning e’lon qilishicha, AQSh BMT va boshqa nodavlat tashkilotlar orqali Afg’onistonga qo’shimcha 64 million dollarga yaqin gumanitar yordam ajratadi. Shu bilan bu yil afg’onlarga beriladigan yordam miqdori 330 million dollarga yetadi.
“Bu mablag’ oziq-ovqat, muhim tibbiy yordam bilan ta’minlash, ayollar, bolalar va turli diniy-etnik guruhlarga mansub odamlarni himoya qilish yo’nalishlariga sarflanadi. Shuningdek, ko’proq bolalarning, xususan, qizlarning maktablarga borishini ta’minlashga, ularga toza ichimlik suvi yetkazishga ishlatiladi”, - dedi Grinfild.
Ammo, deydi AQSh elchisi, afg’onlarni qo’llab-quvvatlash uchun bu mablag’ yetarli emas. Qo’shni davlatlar ham chegaralarni ochishi, Tolibon ayollar, qizlar va ozchilik guruhlarni himoya qilish haqida berayotgan va’dalarini bajarishi kerak.
“So’zlarning o’zi kifoya emas. Amalda natijani ko’rishimiz kerak”, - dedi AQShning BMTdagi elchisi Grinfild.
U Tolibonning yordamlarni yetkazish ishlariga aralashayotgani, bu ishlarda ayollarning qatnashishiga to’sqinlik qilayotgani bo’yicha kelayotgan xabarlar yuzasidan xavotir bildirib, ularni “qo’rqinchli va qabul qilib bo’lmas” deb atadi.
“Hozir xalqaro hamjamiyat birlashishi kerak bo’lgan palla. Moliyaviy yordam bo’yicha mavjud ehtiyojlarga javob berish bo’yicha birgalikda va’da beraylik. Muhim ish bilan band gumanitar yordam ishchilari yonida turishga, muhtoj afg’onlarning hayotini saqlash uchun Afg’onistondagi gumanitar yordam miqdorini oshirishga so’z beraylik”, - dedi AQSh vakili.