Bugun biz misli ko'rilmagan darajada global ochlik inqirozini boshdan kechirmoqdamiz. Jahon oziq-ovqat dasturi ma'lumotiga ko'ra, atigi ikki yil ichida o'tkir oziq-ovqat tanqisligi muammosiga duchor bo'lgan yoki shunday xavf ostida qolgan odamlar soni 53 mamlakatda 135 milliondan 2023-yilda 79 mamlakatda 345 millionga ko'paygan.
AQSh Davlat departamentining Global oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha maxsus vakili Keri Fauler so'zlariga ko'ra, ushbu inqirozga ikkita asosiy voqea sabab bo’lmoqda.
"Iqlim, albatta, ulardan biri", - deydi Fauler.
"Bizda ketma-ket 532 oy global o'rtacha harorat 20-asrdagi o'rtacha ko'rsatkichdan yuqori bo’ldi”, - deydi rasmiy.
Eng yomoni, so'nggi ikki yil davomida bizning foydamizga La Nina ob-havoning sovishi fenomeni qo’l keldi. Ammo 2023-yilda biz buni ham boy berdik.
"Biz hozir El-Ninyo davriga kirmoqdamiz. Bu isish tendensiyasi, odatda, mo'tadil mamlakatlarga qaraganda tropik mamlakatlarga ko'proq ta'sir qiladi. Boshqacha qilib aytganda, bu qishloq xo'jaligi uchun odatdagi vaziyat emas”, - deydi Fauler.
Rossiyaning Ukrainadagi urushi oziq-ovqat xavfsizligiga ta’sir qilayotgan ikkinchi asosiy omili; xususan, Vladimir Putinning Qora dengiz don tashabbusidan chiqish qarori, dedi Fauler.
“Ukraina donining eng yirik 15 ta import qiluvchisi qatorida bir qator rivojlanayotgan mamlakatlar bor. Ularda bolalik davridagi rivojlanishn juda past darajada. Yer yuzidagi koʻpchilik mamlakatlar aslida oziq-ovqat mahsulotlarini sof import qiluvchilardir – 196 mamlakatdan 131 tasi ana shunday oziq-ovqat importchilari”, - deydi AQSh rasmiysi.
“Global janubdagi mamlakatlarga qishloq xoʻjaligidagi oziq-ovqat tizimini rivojlantirish masalasida bizning yordamimiz kerak. Ular oziq-ovqat xavfsizligini barqarorlashtirishga muhtoj”, - deydi doktor Fauler.
Istiqbolli imkoniyatlardan yana biri BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti va Afrika Ittifoqi tomonidan homiylik qilingan Moslashtirilgan ekinlar va tuproqlar dasturidir, deydi Fauler.
"Biz Afrika hukumatlari bilan Afrikada oziq-ovqat uchun eng ko'p potensialga ega an'anaviy va mahalliy ekinlarni aniqlash uchun ishlamoqdamiz. Biz ularning iqlimi o'zgargan Afrikada qanday ishlashini o’rganyapmiz va buning natijasini allaqachon ko'ryapmiz. Buni Afrika mamlakatlari bilan ushbu ekinlar hosilini yaxshilash dasturlarida ishlatamiz”, - deydi rasmiy.
"Biz oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq muammolarni hal qilishga urinish haqida uzoq vaqtdan beri gapirii kelamiz", - deya qo’shimcha qildi Fauler. - Bozorlarga g'alla va oziq-ovqat chiqishini cheklashimiz shart emas; biz mamlakatlarga oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlashda yordam berishimiz kerak”.