AQSh Davlat departamenti bir necha bor ta’kidlaganidek, jurnalistika jinoyat emas. Ammo so‘nggi haftalarda Ozarbayjonda hibsga olingan jurnalistlar soni ortib borayotgani Ozarbayjon hukumati bunday fikrda emasligini ko‘rsatadi.
Noyabr oyida korrupsiyaga qarshi mustaqil axborot vositasi - "Abzas Media" rahbariyati hibsga olinishi ortidan Ozarbayjon hukumati hukumatni tanqid qiluvchi ovozlarni bostirishni kuchaytirdi.
Noyabr oyida birinchi bo'lib "Abzas Media" direktori Ulvi Hasanli hibsga olingan. Ko‘p o‘tmay, uning bosh muharriri Sevinj Vagifgizi, direktor o‘rinbosari Mahammad Kekalov va jurnalist Nargiz Absalamova ham hibsga olingan. Xalqaro inson huquqlari tashkilotlariga ko’ra, yuqori darajadagi hukumat korrupsiyasiga oid tekshiruv olib borgan "Abzas Media" xodimlariga qo’yilgan ayblovlar soxta va siyosiy sabablarga asoslangan. Ularning barchasi uzoq muddatli tergov hibsxonasida saqlanmoqda.
Shuningdek, yaqinda “Kanal 13” mustaqil internet telekanali asoschisi Aziz O‘rujov va telekanal boshlovchisi Rufat Murodli ham hibsga olindi.
Hukumat repressiyalari qurbonlari faqat jurnalistlar emas. Iqtisodchi, muxolifatdagi Ozarbayjon Demokratiya va farovonlik partiyasi raisi Gubad Ibadog‘lu iyul oyida, taniqli muxolifat yetakchisi va hukumat tanqidchisi Tofig Yagublu esa dekabr oyi o‘rtalarida hibsga olingan edi.
AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller matbuot uchun brifingda Ozarbayjonda jurnalistlar, fuqarolik jamiyati faollari va muxolifat vakillarini hibsga olish tendensiyasini “chuqur tashvishli” deb atadi.
“Soʻnggi bir oy ichida oʻndan ortiq bunday shaxslar hibsga olindi. Bu qabul qilinishi mumkin emas, - dedi matbuot kotibi Miller. - Biz Ozarbayjon hukumatini barchaning inson huquqlari va asosiy erkinliklarini hurmat qilishga, shu jumladan, so‘z erkinligidan foydalanayotganlarga hurmat ko‘rsatishga, shuningdek, nohaq hibsga olinganlarni tez ozod qilishga chaqirishda davom etamiz”.