Qo'shma Shtatlar Qirg'iziston hukumati tomonidan mustaqil ommaviy axborot vositalari va jurnalistlarga nisbatan tazyiq o'tkazilayotgani haqidagi xabarlardan chuqur xavotirda.
16-yanvar kuni Qirgʻiziston politsiyasi turli mustaqil nashrlar uchun ishlagan va qirgʻiz elitasi ishtirokidagi korruptsiyani fosh qilgan 11 nafar jurnalistni hibsga olgan. 15-yanvar kuni poytaxt Bishkek politsiyasi 24.KG mustaqil nashri tahririyatida reyd o‘tkazib, uning direktori va ikki bosh muharrirni qisqa muddatga hibsga olgan va so‘roq qilgan. Mahalliy OAV ma'lumotlariga ko'ra, hukumat 24.KG boshqa muxbirlarining jihozlari va mobil telefonlarini ham musodara qilgan; ularni uylariga jo'natib, ofisni muhrlab qo'ygan.
“Shubhali ayblov asosida hibsga olishlarning bu toʻlqini mahalliy jurnalistik surishtiruv o’tkazuvchilarning tozalanishini anglatadi”, - dedi “Chegara bilmas muxbirlar” tashkilotining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha boʻlimi rahbari Jan Kavelier.
"Korrupsiyani tergov qilish jinoyat emas va politsiyadan qo'rqitish vositasi sifatida foydalanmaslik kerak", - deya qo'shimcha qildi u.
Qirg‘iziston Ichki ishlar vazirligi hibsga olishlar “Ayt Ayt Dese” va “Temirov Live” nashrlarining ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida “ommaviy tartibsizliklar”ga chaqiruvchi materiallar paydo bo’lgani bilan bog’liq ekanini da‘vo qildi.
Sakkizta inson huquqlari tashkiloti, jumladan, “Human Rights Watch” qoʻshma bayonot chiqarib, Qirgʻiziston hukumatini “matbuot erkinligiga hurmatni xalqaro majburiyatlar bilan muvofiqlashtirish uchun zudlik bilan va qatʼiy choralar koʻrishga” va ushbu mustaqil ommaviy axborot vositalariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishini toʻxtatishga chaqirdi.
So‘nggi bir necha yil ichida Qirg‘iziston hukumati siyosatini tanqid qiluvchi mustaqil ommaviy axborot vositalari va jurnalistlar, blogerlar va boshqalarga nisbatan bosim kuchaygan; jumladan, siyosiy sabablarga ko‘ra jinoiy ishlar, hibs va qamoqqa olishlar ko’paygan, deya ta’kidladi “Human Rights Watch” tashkiloti.
Mustaqil axborot saytlari veb-saytlari o'zboshimchalik bilan to'sib qo'yilgan; jumladan, “Ozod Yevropa/Ozodlik” radiosining qirg'iz xizmatiga qarshi ish qo'zg'atilib, ular idorasini yopish uchun OAVning bank hisobi muzlatib qo'yilgan.
"Bu harakatlar jamoatchilik muhokamasi va fikr erkinligini bo'g'ishga qaratilgan hukumat faoliyatini o’zida ifodalaydi. Biz Qirgʻiziston hukumatini jurnalistlarning ortiqcha bosim va taʼqiblarsiz ishlashini taʼminlashga undaymiz. Erkin va mustaqil matbuot inson huquqlarini himoya qilish, samarali demokratik institutlarni qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash uchun zarurdir”, - dedi AQSh Davlat departamenti matbuot kotibi Metyu Miller bayonotida.