Donald Trampning janubiy chegaraga oid favqulodda holat e’lon qilishi allaqachon o‘z natijasini bera boshladi. Har kuni AQSh Immigratsiya va bojxona nazorati xodimlari (ICE) tomonidan zo‘ravon noqonuniy muhojirlar qo‘lga olinib, o‘z mamlakatlariga deportatsiya qilinmoqda.
Ichki xavfsizlik vaziri Kristi Noem yaqinda Nyu-York shahrida ICE xodimlari bilan reydlarda qatnashdi. Keyinchalik u “Fox News” telekanalida bergan intervyusida shunday dedi:
“Biz ushbu mamlakatda ko‘chalarning xavfsizligini tahdid ostiga qo‘yayotgan eng xavfli jinoyatchilarni qo‘lga olyapmiz.”
“Biz reyd davomida “Tren de Aragua” guruhining a’zolaridan biri, aniqrog‘i, yetakchilaridan birini qo‘lga oldik. U Kolorado shtatida qidiruvda edi. Hatto biz uni Auroradagi bir turar-joy binosini bosib olib, zo‘ravonlik sodir etgan jinoyatchilarning videolaridan birida ko‘rgan edik”, - deya qo’shimcha qildi u.
Qo‘lga olingan “Tren de Aragua” to‘dasining boshlig‘i Anderson Zambrano-Pacheko bo‘lib, u Koloradoning Aurora shahrida bir nechta turar-joy majmualarini kuch bilan egallab olish bilan bog‘liq odam o‘g‘irlash, talonchilik va qo‘rqitish jinoyatlarida ayblanmoqda. Bu hibsga olish hodisasi Prezident Trampning “Tren de Aragua” va “MS-13” to‘dalarini xalqaro terrorchi tashkilot sifatida tan olishi ortidan amalga oshirildi. Endilikda federal agentliklar ushbu guruhlarni milliy xavfsizlikka tahdid sifatida ko‘rib chiqmoqda.
Ichki xavfsizlik vaziri Noem Prezident Trampning Amerikani xavfsiz qilish bo‘yicha bergan va’dasini bajarayotganini ta’kidladi:
“Biz aynan shuni qilayapmiz. Tun bo‘yi davom etgan reydlarda xavfli jinoyatchilarni aniqlab, ularga qarshi aniq chora ko‘rildi. Biz ularni chiqarib tashlayapmiz. Shu bilan birga, ko‘proq jinoyatchilar haqida ma’lumot to‘playmiz.”
U noqonuniy zo‘ravon muhojirlar ko‘plab amerikalik oilalar farzandlarini narkotiklar va zo‘ravonlik sababli yo‘qotishiga sabab bo‘layotganini qayd etdi:
“Biz ularni bu yerdan chiqarib tashlaymiz. Amerikaliklarning ovozi eshitilayotganini va ularning xavfsizligini ta’minlash yo‘lida harakat qilinayotganini bilishlari muhim. Bizning agentlarimiz mahalliy hukumatlarning to‘liq ko‘magiga ega holda ish olib bormoqda”.
Vazir Noem xavfli jinoyatchilarni mamlakatdan chiqarish jarayoni davom etishini tasdiqladi:
“Biz bunday jinoyatchilarni bu yerdan butunlay deportatsiya qilishda davom etamiz. Agar sizni topsak, oqibatlari bo‘ladi va biz sizni haydaymiz”.