Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti sammitida qatnashgan AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken a’zo davlatlar birgalikda hal qilishi lozim bo’lgan to’rt muhim masalani o’rtaga tashladi.
Birinchisi – bu, shubhasiz, “Kovid-19” pandemiyasiga qarshi kurash, dedi u.
“Tashkilot bizga bu inqirozning iqtisodiy ta’siri haqida muhim ma’lumotlarni taqdim etdi. U davlatlarni oldindan vaksinalarni sotib olishga undagan ilk tashkilotlardandir; bu narsa kompaniyalarga vaksinalarni ko’proq ishlab chiqarish imkonini berdi. 2022-yilda aholining kamida 70 foizini to’la emlash haqida Prezident Bayden bergan va’dani bajarishda bu yondashuv AQShga yordam beradi”, - dedi Blinken.
Ikkinchi muammo bu iqlim inqirozi, dedi davlat kotibi.
“A’zo davlatlarimiz boshqalar ham rioya qiladigan modelni ishlab chiqishlari kerak. Bu degani, issiqxona gazlari chiqishini kamaytirishga qaratilgan choralarni qabul qilish hamda ko’mir chiqindilarini kamaytirish sari yurib, iqlimga mos sohalarga sarmoya kiritish, mahalliy darajada va xorijda ko’mir sanoatiga sarmoyani to’xtatib, yoqilg’ilarga beriladigan subsidiyalarni bosqichma-bosqich tugatish lozim”, - deya qo’shimcha qildi u.
Uchinchi muammo notenglik bilan bog’liq. Ozchilik elatlar orasida koronavirusdan o’lganlar soni ancha yuqori bo’ldi. Iqlim o’zgarishi ta’siri ham ularga ko’proq zarar yetkazmoqda.
Tenglikni kuchaytirish yo’llaridan biri global korporativ soliq miqdorining minimum darajasini belgilash bilan bog’liq.
“Shu yo’l bilan biz barchamizni halok qiladigan soliqni kamaytirish poygasidan xalos bo’lamiz. Bunday poygada soliqni kamaytirgan davlat bunga javoban boshqalar soliqni yanada kamaytirganini ko’radi, xolos”, - deydi Blinken.
Eng so’nggisi, deya qo’shimcha qildi AQSh davlat kotibi, tashkilotga a’zo davlatlar yangi paydo bo’layotgan texnologiyalar bo’yicha yangi tartib va qoidalarni ishlab chiqishi lozim.
“Texnologiyadagi kashfiyotlar odamlar hayotini yaxshilash va inson erkinligini yanada oshirishga xizmat qilishi lozim. Notenglikni kuchaytirish, bo’lish va ozchilik jamiyatlarni nishonga olish uchun emas. Umumiy qadriyatlarimiz va manfaatlarimiz yo’lning yangi raqamli qoidalarini ishlab chiqishda bizga yordam berishi lozim”, - dedi AQSh bosh diplomati.
Blinkenga ko’ra, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining ishi hech qachon bugungichalik muhim bo’lmagan.
“Bizning yo’limiz mamlakatlarimizda va barcha mamlakatlarda odamlar uchun hayotni yanada yaxshiroq qilishini isbotlashimiz kerak”, - dedi u.
“O’tgan 60 yil davomida bizga yo’l ko’rsatgan umumiy qadriyatlarimizga sodiq holda eng yaxshi choralarni topish yo’lida birga ishlashni davom ettirsak, biz erishishimiz mumkin bo’lgan narsalarning cheki yo’q”, - deya xulosa qildi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken.