Accessibility links

Breaking News

Bayden ma'muriyati qochoqlarni qabul qilish dasturini kengaytiradi


AQSh Prezidenti Jo Bayden
AQSh Prezidenti Jo Bayden

AQSh muhojirlar mamlakatidir. Butun dunyodan odamlar bu yerga hayotlarini o’zgartirish imkoniyati uchun keladi. Ba’zilar iqtisodiy qiyinchilikdan, jabr-zulmdan qochib yoki tazyiqlardan panoh istab kelgan. AQShga, uning taraqqiy etishiga har bir millat va dinning ulkan ta’siri bor.

So’nggi yillarda Qo’shma Shtatlar immigratsiya va qochoqlarni qabul qilish tizimini o’zgartirib, qochoqlar va boshqa muhojirlarning AQShda qo’nim topishi uchun beriladigan ruxsatlar sonini jiddiy miqdorda kamaytirdi. Prezident Bayden esa qochoqlarning barcha turlarini katta miqdorda qabul qilish imkoniyatlarini kengaytirishda davom etmoqda. Xususan, 2022-moliyaviy yilda qabul qilinadigan qochoqlar sonini 125 mingga yetkazishga oid prezident qarori qabul qilindi.

“AQSh xalqaro gumanitar yordam berishda, xususan, qochoqlarni joylashtirishda global yetakchi va shunday bo’lishda davom etadi”, - dedi AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken yozma murojaatida.

“Tazyiqlardan qochayotganlarga umid va xavfsiz boshpana taklif qilishga oid azaliy qadriyatimizga mos ravishda AQShning Qochoqlarni qabul qilish dasturini qayta qurish ahdida qat’iymiz. Mahalliy va shtat darajasida qochoqlarni joylashtirishga yordam beradigan hamkorlarimiz imkoniyatini oshirish uchun moliyalashni ko’paytirish hamda mahalliy jamiyatlarga homiylik qilish dasturlarini kengaytirish kabi tashabbuslar orqali bu dastur infratuzilmasini qayta qurish ustida qattiq ishlayapmiz”, - deya qo’shimcha qildi Blinken.

“Davlat sifatidagi tariximizda 3,1 million qochoqqa joy berganmiz va hozir ham o’n minglab xavf ostidagi afg’onlarni qabul qilish jarayonidamiz. Muhtojlarga boshpana berish Amerikaning muhim qadriyatidir. AQSh bo’ylab jamiyatimizga muhojirlar qo’shadigan ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hissa qanchalar katta ekanini e’tirof etamiz”, - deydi AQSh davlat kotibi.

Blinkenga ko’ra, “mustahkam qochoqlar dasturi xavfsiz, tartibli va insoniy immigratsiya tizimini qayta qurishga oid prezident va’dasining muhim qismidir”.

XS
SM
MD
LG