Accessibility links

Breaking News

Pompeo: Avtoritar rejimlar ta'siriga qarshi iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish kerak


Uch dengiz tashabbusi forumi
Uch dengiz tashabbusi forumi

Uch dengiz tashabbusi guruhi Boltiq, Qora va Adriatika dengizlari orasida joylashgan Yevropaning 12 demokratik davlatini o’z ichiga oladi. Ushbu forumni tashkil etishdan maqsad Rossiya va Xitoy kabi avtoritar rejimlarning salbiy ta’siridan himoyalanish maqsadida mintaqada iqtisodiy taraqqiyot va energiya xavfsizligini ta’minlashdir.

AQSh Davlat kotibi Mayk Pompeo yaqinda Uch dengiz sammitida qatnashib, a’zo davlatlarni “odamlar hayotini yaxshilash uchun oldimizda turgan imkoniyatlar”dan unumli foydalanishga chaqirdi.

“Xususiy sektordan investitsiya jalb qilish, o’sishni qayta ko’tarish, ayni paytda yashash sharoitlarini uzoq muddatda yaxshilash imkoniyatiga egamiz. Shuningdek, kelajak avlodlar uchun iqtisodiy xavfsizlikni ta’minlash uchun infratuzilma va energiya bozorlarini birlashtirish imkoniyatimiz bor”, - dedi Pompeo.

Davlat kotibiga ko’ra, yaxshi moliyalangan, harakatga asoslangan Uch dengiz tashabbusi shu maqsadlarni amalga oshirishga yordam beradi.

“Ammo hozir Moskva va Pekindagi avtoritarlar infratuzilma loyihalarini erkin odamlarga siyosiy va strategik jihatdan ta’sir o’tkazish yo’li sifatida ko’rmoqda. Buni Shimoliy oqim – 2 loyihasida ko’rdik. Laosdan tortib Chernogoriya va Pokistongacha butun dunyo bo’ylab Xitoy infratuzilmasining buzg’unchi ta’siriga guvoh bo’lib turibmiz”, - dedi Pompeo.

AQSh erkin mamlakatlarning ozodligi yoki suvereniteti avtoritar kuchlar tomonidan suiiste’mol qilinishini xohlamaydi. Vashingtonning Uch dengiz infratuzilma loyihalariga bir milliard dollargacha mablag’ ajratish qarori uning shu maqsad yo’lida sobit ekanini ko’rsatadi.

Davlat kotibi Pompeo Uch dengiz a’zo davlatlarini ham shu jamg’armaga o’z hissasini qo’shishga chaqirdi.

Keyingi bosqich bu loyihalarga xususiy sektorni jalb qilish. Buning uchun, dedi Pompeo, adolatli va bir xil qoidalarni ishlab chiqish kerak.

“Milliy yo’riqnomalar imkon qadar jozibador bo’lishi kerak. Davlat egalik qiladigan kompaniyalarga xayrixohlik qilish yoki investitsiya yo’liga siyosat to’siq bo’lishi kerak emas”, - dedi u.

Xavfsizlik yana bir xavotirli masala.

“Xitoy Kommunistik partiyasi ma’lumotlaringizni sug’urib olishga tayyor turibdi”, - deya ogohlantirdi Pompeo.

Uning aytishicha, ishonchsiz kompaniyalar muhim telekommunikatsiya, energiya va transport tarmoqlariga jalb qilinmasligi kerak.

So’zlar amalda bajarilishi muhim, dedi Pompeo.

“Davlatlararo loyihalarni g’oyadan tayyor holatga keltirish uchun sizlarni tezroq harakat qilishga chaqiraman”, - deya qo’shimcha qildi u.

“Harakatni boshlar ekansiz, siz yolg’iz emasligingizni biling, - dedi Pompeo. – Erkinlik, demokratiya va do’stligimiz asosini bugun va kelajakda asrash uchun biz yevropalik do’stlarimiz bilan birgamiz”.

XS
SM
MD
LG