AQSh Davlat departamenti yaqinda 2021-yilgi Xalqaro diniy erkinlik hisobotini e'lon qildi.
Davlat kotibi Antoni Blinken kirish so‘zida diniy erkinlikka hurmat nafaqat asosiy huquq, balki tashqi siyosatning muhim ustuvor yo‘nalishi ekanini ham ta’kidladi.
Blinken, shuningdek, oʻz nutqida diniy erkinlik borasidagi o’zgarishlarning bir qancha misollarini keltirdi.
Uning ta'kidlashicha, Marokash yahudiy merosi obyektlarini rekonstruksiya qilish va yahudiy tarixini Marokash davlat maktablari o'quv dasturiga kiritish tashabbusi bilan chiqdi. U, shuningdek, Tayvanda diniy marosimlarda qatnashish uchun ishchilariga haftalik dam olish kunini berishdan bosh tortgan ish beruvchilar haqida xabar berish tizimi osonlashganini ma’lum qildi.
Davlat kotibi, shuningdek, diniy erkinlik bilan bog‘liq muammolar hanuz saqlanib qolayotgan va ko‘proq ish olib borish kerak bo‘lgan sohalar haqida ham fikr bildirdi.
Blinken mart oyida Birmada harbiylar ozchilik musulmon rohinjalarga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganligini e’lon qilgan edi.
Eritreyada esa faqat to'rtta diniy guruhga o'z e'tiqodlarini erkin bajarishga ruxsat berilgan.
Davlat kotibining aytishicha, Xitoy Xalq Respublikasida, asosan, musulmon uygʻurlar hamda boshqa etnik va diniy ozchilik guruhlariga nisbatan genotsid, insoniyatga qarshi jinoyatlar va repressiyalar davom etmoqda.
“2017-yilning aprel oyidan beri Shinjondagi konsentratsion lagerlarda bir milliondan ortiq uyg‘ur, etnik qozoq, qirg‘iz va boshqalar hibsga olingan. Xitoy Kommunistik partiyasi taʼlimotiga zid deb hisoblangan boshqa diniy e’tiqodlar ta’qib qilinmoqda. Jumladan, buddist, nasroniy, islom va daoizm ibodatxonalarini vayron qilish; Falun Gong amaliyotchilari, nasroniylar, musulmonlar va tibet buddistlarini ish va uy-joy bilan taʼminlashga bo’lgan urinnishlarga toʻsiqlar qo’yilmoqda”, - dedi AQShning bosh diplomati.
Davlat kotibi Blinken, shuningdek, Tolibon davrida diniy erkinlik sharoitlari keskin yomonlashgan Afg‘oniston haqida, xususan, bu o’lkada ayollar va qizlarning ta’lim olish, ishlash, jamiyatda ishtirok etish kabi asosiy huquqlari poymol qilinayotgani haqida gapirdi.
Unga ko’ra, dunyo bo’ylab ko’plab jamiyatlarda diniy ozchiliklar huquqlari hanuz tahdid ostida qolmoqda.
Hindistonda odamlarga va ibodat joylariga hujumlar kuchaymoqda; Vyetnamda rasmiylar ro'yxatdan o'tmagan diniy jamoalar a'zolarini ta'qib qilmoqda; Nigeriyada bir nechta shtat hukumatlari odamlarni o'z e'tiqodlarini ifoda etganliklari uchun jazolashda tuhmat va kufrga qarshi qonunlardan foydalanmoqda.
"Qo'shma Shtatlar butun dunyo bo'ylab diniy erkinlikni himoya qilishda davom etadi, - dedi Davlat kotibi Blinken. - Biz buning uchun boshqa hukumatlar, ko'p tomonlama tashkilotlar va fuqarolik jamiyatlari bilan birga ishlaymiz”.