AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Xalqaro diniy erkinlik holati bo’yicha AQShning so‘nggi hisobotini taqdim qilar ekan, maqsad “har kim o‘z e’tiqodini o’zi tanlashi va amal qilishi mumkin bo‘lgan” kelajak haqidagi qarashlarini ilgari surish ekanini ta’kidladi.
“Diniy erkinlikni hurmat qilish erkin so'zlash, tinch yig'in o’tkazish, siyosatda ishtirok etish huquqi kabi boshqa huquqlarni ham mustahkamlaydi. Ushbu umuminsoniy huquqni himoya qilish odamlarga o‘z fikr-mulohazalarini bildirish, o‘z imkoniyatlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, o‘z jamoalariga to‘liq hissa qo‘shish imkonini beradi”, - dedi u.
Shunga qaramay, bugungi kunda diniy erkinlik millionlab odamlar uchun xavf ostida qolmoqda, deya qo’shimcha qildi u.
“Yaqinda “Pyu” tadqiqot markazi hukumatning dinga boʻlgan cheklovlari 2007-yilda kuzatuv boshlanganidan beri eng yuqori global darajaga yetganini aniqladi. Bugungi kunda butun dunyo hukumatlari odamlarni nishonga olishda, ibodat joylarini yopishda, dindorlarni majburan koʻchirishda davom etmoqda; jamoalar va odamlarni diniy e'tiqodlari uchun qamoqqa tashlanmoqda”, - dedi Blinken.
Ayrim mamlakatlar, uning ta'kidlashicha, diniy liboslarning ayrim turlarini cheklaydi; boshqalar buni majburiy qiladi. Ba'zi hukumatlar esa e'tiqodi va diniy erkinlik tarafdori bo'lganligi tufayli shaxslarni nishonga olish uchun o'z haddilaridan oshmoqda, deydi u.
“Har bir mintaqada odamlar hukumatlar va fuqarolar tomonidan diniy zo'ravonlik va diniy kamsitishlarga duch kelishda davom etmoqda. Ular maktabdan quvilishi, ishdan mahrum qilinishi, ta'qib qilinishi, kaltaklanishi yoki undan ham battarroq bo'lishi mumkin”, - deydi AQSh rasmiysi.
Zo'ravon ekstremistik guruhlar ham diniga qarab odamlarni nishonga oladi. Davlat kotibi Blinken iyun oyida Rossiyaning Dogʻiston viloyatidagi cherkovlar va sinagogaga qilingan hujumda politsiya, tinch aholi va ruhoniy halok boʻlganiga ishora qildi. Uning ta’kidlashicha, “XAMASning 7-oktabr kuni Isroilga qilgan dahshatli terrorchilik hujumi va undan keyin yuz bergan G‘azodagi mojarodan so‘ng dunyoda antisemitizm va islomofobiya sezilarli darajada kuchaygan”.
Bunday huquqbuzarliklarni hujjatlashtirish, nafrat va shafqatsizlikka qarshi turish, har bir insonning diniy erkinlik huquqini himoya qilish AQSh tashqi siyosatida markaziy o‘rin tutadi.
"Oxir-oqibat, - dedi Blinken, - bu ish inson bo'lish nimani anglatishining muhim qismini himoya qilishdir. Biz o’zimiz ishonadigan narsani tanlash huquqi bizga o'zimizdan farqli bo'lganlardan o'rganish hamda umumiy bo'lgan narsalarni nishonlash imkonini ham beradi”.
Diniy olim Xyuston Smitdan iqtibos keltirgan holda, Blinken yana shunday dedi:
"Agar biz yashab kelayotgan dunyo dinlaridagi eng yaxshi yaxshi narsalarni olsak, biz insoniyatning ajoyib zakovatini kashf qilamiz".