AQSh Ozarbayjon hukumatini inson huquqlari va asosiy erkinliklar himoyasi uchun o‘z fikrini ochiq ifoda etgan dissidentlar, huquq faollari va jurnalistlarni ozod qilishga chaqirdi.
Davlat kotibi Entoni Blinken yaqinda bergan bayonotida Ozarbayjonni Rufat Safarov, Sevinj Vagifgizi, Azer Gasimli, Farid Mehralizada, Bakhtiyar Hajiyev va Gubad Ibadoghlu, shuningdek, mustaqil “Meydan TV” platformasi bilan bog‘liq so‘nggi paytlarda hibsga olingan shaxslar va inson huquqlari sohasida faoliyat yuritgani uchun qamoqqa tashlangan boshqa ko‘plab insonlarni “zudlik bilan” ozod etishga chaqirdi.
“AQSh, – dedi Blinken, – nafaqat ushbu hibsga olishlar, balki Ozarbayjonda fuqarolik jamiyati va ommaviy axborot vositalariga qarshi bosimning kuchayishidan chuqur xavotirda”.
Ozarbayjon hukumatining bunday bosimlarni kengaytirayotgani xavotir uyg‘otmoqda. AQSh Davlat departamentining Ozarbayjondagi inson huquqlari bo‘yicha so‘nggi hisobotida, xususan, 2023-yilgi holat bo‘yicha quyidagicha ma’lumot berilgan edi:
“2023-yil 1-dekabr holatiga ko‘ra bir guruh nohukumat tashkilotlar koalitsiyasi mamlakatda taxminan 254 nafar siyosiy mahbus va hibsdagi shaxslar borligini ma’lum qilgan. Siyosiy mahbuslar va hibsdagilar qatoriga akademiklar, korrupsiyaga qarshi kurashchilar, demokratiya va inson huquqlari faollari, jurnalistlar va blogerlar, muxolif siyosatchilar hamda diniy faoliyat bilan shug‘ullangan shaxslar kiradi”.
Davlat kotibi Blinken tomonidan tilga olingan ikki hibsdagi shaxs shu yil dekabr oyida AQSh Davlat departamenti tomonidan inson huquqlari va korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishidagi faoliyati uchun mukofotga sazovor deb topilgan edi. Rufat Safarov – siyosiy sabablar bilan sodir etilgan hibsga olishlar, sud jarayonlari va hukumat korrupsiyasini kuzatib boruvchi “Himoya chizig‘i” tashkiloti hammuassisi. U AQShga kelib, Davlat kotibining Inson huquqlari himoyachisi mukofotini olishidan bir necha kun avval hibsga olinib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.
Sevinj Vagifgizi – davlat amaldorlariga oid korrupsiya holatlarini yoritgan mustaqil “Abzas Media” axborot vositasi bosh muharriri. Davlat kotibi Blinken ta’kidlaganidek, “uning faoliyati hukumat rasmiylarining e’tirozini keltirib chiqardi”. Vagifgizi 2023-yilning noyabr oyidan buyon tergov hibsxonasida saqlanmoqda. 2024-yil 9-dekabr kuni unga Davlat kotibining Korrupsiyaga qarshi kurash bo‘yicha chempion mukofoti g‘oyibona topshirildi.
“Biz Ozarbayjon hukumatini inson huquqlari himoyasi yo‘lida faoliyat yuritgani uchun adolatsiz ravishda qamoqqa tashlanganlarni ozod etishga, fuqarolik jamiyati va erkin so‘zga qarshi bosimni to‘xtatishga, inson huquqlari va asosiy erkinliklarni hurmat qilishga hamda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo bo‘lganda o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarni bajarishga chaqiramiz,” - dedi Davlat kotibi Blinken.