Prezident Jo Bayden Amerika tashqi siyosatida inson huquqlarini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilashga qat’iy ahd qilganini Davlat kotibi muovini Uzra Zeya Inson huquqlari himoyachisi mukofotini topshirish marosimida ta’kidladi.
“Biz butun dunyoda inson huquqlari sohasida muhim yutuq va yangiliklarga erishdik. Bularga global institutlar imkoniyatidan foydalangan holda Amerika Qo‘shma Shtatlarining inson huquqlariga doir ustuvor maqsadlarini ilgari surish, BMT kabi ko‘p tomonlama tashkilotlardagi yetakchiligimizni qayta tiklash, Inson huquqlari kengashiga qaytish hamda yangi va rivojlanib kelayotgan hamkorlar bilan mustahkam rishtalar o‘rnatish kiradi,” - dedi Zeya.
Shu sa’y-harakatlar natijasida Rossiya Ukrainaga bostirib kirgani uchun BMT Inson huquqlari kengashidagi a’zoligidan chetlatildi, shuningdek, xavfsiz, ishonchli va halol sun’iy intellektni barqaror rivojlanish yo‘lida ilgari surish bo‘yicha tarixda birinchi marotaba BMT Bosh assambleyasi rezolyutsiyasi darajasida global hamjihatlikka erishildi.
“Bundan tashqari, biz Yevropa Kengashi doirasida sun’iy intellektga oid dunyodagi ilk shartnomani imzolashga erishdik, – deydi Davlat kotibi muovini Zeya. – Bu hujjat inson huquqlari, demokratiya va qonun ustuvorligiga rioya qilgan holda sun’iy intellektdan foydalanish bo‘yicha davlatlar o‘rtasida umumiy qarashni belgilaydi.”
“Shu bilan birga, biz inson huquqlarini poymol qilgan shaxslarni javobgarlikka tortish uchun ilg‘or va turli xil choralarni ishga solmoqdamiz,” - deya qo‘shimcha qildi Zeya.
“Bunday huquqbuzarlarni to‘xtatish hamda ularning noto‘g‘ri xatti-harakatlarini o‘zgartirish maqsadida imkoniyatlarimizni kengaytirdik. Savdo va Moliya vazirliklari bilan hamkorlikda nazorat choralarini va sanksiyalarni qo‘llash orqali NSO Group, Intellexa, Cytrox kabi tijoriy josuslik dasturi sotuvchilari hamda shu kabi boshqa kompaniyalarni inson huquqlariga tahdid soluvchi yoki huquq himoyachilarini bosim ostiga oluvchi zararli kiber vositalar sotgani uchun javobgarlikka tortdik”.
Davlat departamenti bu ishlarni davom ettirib, tijoriy josuslik dasturlaridan noqonuniy foydalanadigan yoki bu faoliyatdan moliyaviy foyda olayotgan shaxslar va ularning oila a’zolariga nisbatan viza cheklovlari joriy etdi.
Nihoyat, Qo‘shma Shtatlar paydo bo‘layotgan yangi tahdidlarga qarshi dadil chora ko‘rdi, deydi Zeya.
“Biz transmilliy repressiya (TNR) masalasini BMT kun tartibiga kiritdik va o'zimizda ham bu huquqbuzarlarga nisbatan viza cheklovlari joriy etadigan yangi siyosatni ishga tushirdik. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashayotgan himoyachilar, xususan, uni fosh etishga ixtisoslashgan jurnalistlarni qo‘llab-quvvatlash uchun 16 million dollardan ziyod mablag‘ ajratdik”.
Amerika Qo‘shma Shtatlari kelajakda ham dunyo bo‘ylab inson huquqlarini himoya qilish va ilgari surish borasida yetakchilikni saqlab qolishga tayyorligini ma'lum qildi.