Accessibility links

Breaking News

Tramp: Energiya sektorida AQShni yetakchi qilamiz


Prezident Donald Tramp yaqinda Amerika energiya sektorini kelasi asrga tayyorlash uchun Milliy Energetik ustunlik kengashini tashkil etdi.

Oq uyning ta’kidlashicha, ushbu kengash Prezident Trampga “energiyadan foydalanish uchun ruxsat berish, ishlab chiqarish, taqsimlash, tartibga solish va tashish jarayonlarini yaxshilash orqali energiya ustunligini ta’minlash strategiyalari” bo‘yicha maslahat beradi. Mahalliy energiya ishlab chiqarishni oshirish nafaqat AQSh uchun, balki uning ittifoqchilari uchun ham energiya ta’minot zanjirini xavfsizroq qilishda muhim rol o‘ynaydi.

Oq uyning bildirishicha, “Bayden-Harris ma’muriyati Amerikada energiya ishlab chiqarish va rivojlanishining o‘sish sur’atini keskin pasaytirdi. Jumladan, federal darajadagi neft ijarasiga moratoriy joriy qilindi, energiya ruxsatnomalarini berish muddati Tramp davriga nisbatan bir necha barobarga uzaytirildi, shuningdek, yuz millionlab akr maydon energiya ishlab chiqarish uchun foydalanish imkoniyatidan chiqarildi”.

AQSh energiya resurslarini rivojlantirish orqali xorijiy davlatlarga, jumladan, strategik raqiblariga bog‘liqlikni kamaytirishi mumkin.

“Amerikada ishlab chiqarish cheklangan bir paytda, Bayden ma’muriyati OPEK+dan Amerika energiya talabini qondirish uchun neft ishlab chiqarishni ko‘paytirishni so‘radi,” deya izoh berdi Oq uy. “Energiya narxlari oshgan sari, Bayden ma’muriyati isyonkor rejimlarga nisbatan Amerika neft sanksiyalarini qat’iy qo‘llashdan o‘zini tiyib keldi. Natijada, Eron kuniga bir million barrel neft eksport qilishda davom etdi va Maduro rejimiga qo‘yilgan neft sanksiyalari vaqtincha bekor qilindi”.

Hozirda Qo‘shma Shtatlar bir qator muhim minerallar bo‘yicha Xitoyga qaram. Bu esa AQShning ta’minot zanjirini xavf ostiga qo‘ymoqda. Oq uy Xitoyning AQShga germaniy, galliy va surmani eksport qilishni taqiqlash orqali o‘z resurslarini geosiyosiy qurol sifatida ishlatayotganiga e’tibor qaratdi.

Amerika energiya yetakchiligi nafaqat mamlakatning iqtisodiy va milliy xavfsizligi uchun, balki uning ittifoqchilari xavfsizligi uchun ham muhimdir. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, “Amerikaning suyultirilgan tabiiy gazi sanoati Yevropaning Rossiya energiyasiga qaramligini kamaytirishda muhim rol o‘ynadi. 2022-yilda Yevropaga suyultirilgan gaz eksporti 141 foizga oshdi va bu jarayon energiya taqchilligini to‘ldirish uchun davom etmoqda.”

Prezident Trampning birinchi prezidentlik muddati davomida AQSh so‘nggi 70 yil ichida ilk bor energiya eksportchisi maqomini oldi va dunyoning yetakchi neft ishlab chiqaruvchisiga aylandi. Tramp suyultirilgan gaz eksporti uchun litsenziya olish jarayonini tezlashtirdi, federal yer maydonlarida burg‘ilash ruxsatnomasini olish muddatini qisqartirdi hamda mahalliy energiya rivojlanishi uchun millionlab gektar maydonni ochdi.

Prezident Tramp AQShni energiya ustunligiga qaytarish va mamlakat ichkarisida ham, tashqarisida ham yetakchilikni tiklash ahdida qat’iy.

XS
SM
MD
LG