Prezident Donald Tramp AQShni bir qator radikal va aksil-Amerika kayfiyatidagi BMT tashkilotlaridan chiqardi. Ijro farmoni orqali u AQShning BMT Inson huquqlari kengashi a’zoligini tugatdi va BMTning Falastinliklarga yordam agentligi (UNRWA) uchun kelajakda har qanday moliyaviy ko‘mak ajratishni taqiqladi.
Mazkur farmonga ko‘ra, Davlat kotibi Marko Rubio xalqaro tashkilotlar, konvensiyalar yoki shartnomalarning qaysilari radikal yoki AQShga qarshi kayfiyatni targ‘ib qilayotganini tahlil qilib, prezident Trampga hisobot taqdim etishi kerak.
Oq uy tomonidan e’lon qilingan hujjatda aytilishicha, ayniqsa, BMTning Ta’lim, fan va madaniyat tashkiloti (UNESCO) tezkor tartibda ko‘rib chiqiladi; chunki u o‘z tarixida Isroilga qarshi noto‘g‘ri munosabat namoyish etgan.
Farmonga binoan, AQSh UNRWAga har qanday qo‘shimcha mablag‘ ajratishni taqiqlaydi. Hujjatga ko‘ra, bu tashkilot o‘zining Isroilga va yahudiylarga qarshi kayfiyatda ekanini ko‘p bor isbotlagan. Buning yorqin dalili — uning xodimlari 2023-yil 7-oktabrdagi dahshatli terror hujumida qatnashgani. Bundan tashqari, UNRWA obyektlari muntazam ravishda Hamas va boshqa terror guruhlari tomonidan qurol saqlash va tunnel qazish uchun ishlatilgani ma’lum.
AQSh UNRWAning eng yirik donorlaridan biri bo‘lib, har yili 300–400 million dollar ajratgan. Biroq, sobiq prezident Jo Bayden 2024-yil yanvar oyida UNRWA xodimlari Isroilga qarshi hujumda qatnashgani fosh bo‘lgach, mablag‘ ajratishni vaqtincha to‘xtatdi. Keyinchalik AQSh Kongressi bu tashkilotga moliyaviy yordamni 2025-yil mart oyigacha rasman to‘xtatdi. Ushbu korrupsiya va noxolislik holatlari oshkor bo‘lgach, Prezident Tramp AQShni UNRWAdan butunlay chiqarishini e’lon qildi.
Hujjatda, shuningdek, BMT Inson huquqlari kengashi o‘z maqsadiga erisha olmagan va inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzayotgan davlatlar uchun himoya vositasi sifatida foydalanilayotganiga urg‘u berilgan.
"Eron, Xitoy va Kuba kabi davlatlar UNHRCdan o‘zlarining inson huquqlari bo‘yicha yomon obro‘sini yashirish uchun foydalanmoqda," deyiladi hujjatda.
Bundan tashqari, UNHRC doimiy ravishda Isroilga nisbatan noxolis va disproporsional yondashgani qayd etilgan.
Prezident Tramp o‘zining birinchi prezidentlik davrida AQShni UNRWA, UNHRC va UNESCOdan chiqargan edi. Oq uy ma’lumotiga ko‘ra, bu harakat UNESCO va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarning yaxshilanishiga olib kelgan.
BMT "katta salohiyatga ega" bo‘lsa-da, "yaxshi boshqarilmayotganini" ta’kidlagan Tramp, bu tashkilotni o‘z faoliyatini tartibga solishga chaqirdi.