Qo'shma Shtatlar Xitoyning uyg'urlar va Shinjondagi boshqa diniy va etnik ozchilik guruhlarga qarshi sodir etgan genotsid va boshqa jinoyatlariga e’tibor qaratishda davom etadi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma'lumotlariga ko'ra, 2017-yilda Xitoyning Shinjon shahrida din, harakat, uyushish va so'z erkinliklariga nisbatan jiddiy cheklovlar paydo bo'ldi. Keyinroq bu xabar ko'plab ochiq manbadagi hisobotlar, jumladan, qurbonlar va ularning oilalari guvohliklari bilan tasdiqlandi.
BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasi o‘z tekshiruvini o‘tkazib, avgust oyi oxirida hisobot e’lon qildi. Unda “Uyg‘urlar va asosan musulmon guruhlar a’zolarining o‘zboshimchalik va ayirmachilik yo’li bilan hibsga olinishi natijasida xalqaro jinoyatlar, xususan, insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etilgan bo’lishi mumkin”, degan xulosaga kelindi. Shinjondagi boshqa, asosan, musulmon bo’lgan ozchilik guruhlarga huylar, shuningdek, etnik qozoq, qirg‘iz, mo‘g‘ul, o’zbek va tojik xalqlari kiradi.
26-oktabr kuni BMTda bo‘lib o‘tgan tadbirda Shinjondagi ozchilik guruhlarning inson huquqlari bo’yicha hozirgi ahvoli muhokama qilindi.
“Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari boʻyicha Oliy komissarligi boshqarmasining Shinjon boʻyicha uzoq kutilgan hisobotida inson huquqlarining buzilishi dahshatli tafsilotlar bilan yoritilgan”, - dedi AQShning BMTdagi vakili Linda Tomas Grinfild.
“Asossiz ayblovlar uchun majburiy iqror va qattiq hukmlar; etnik, diniy, madaniy o'ziga xoslik asosida tahqirlovchi hibslar; shafqatsiz, g'ayriinsoniy, qadr-qimmatni kamsituvchi jazolar shular jumlasidan", - deya qo’shimcha qildi u.
"Ushbu va boshqa topilmalar hech qanday shubhaga o'rin qoldirmaydi, - dedi elchi Tomas Grinfild. – Xitoy Xalq Respublikasi (XXR) inson huquqlarini qo‘pol ravishda buzdi. Ularning qilmishlari, shubhasiz, insoniyatga qarshi jinoyatdir. Oldimizda savol tug'iladi, biz bunga qanday javob beramiz?”
“Qoʻshma Shtatlar XXRning uygʻurlar va Shinjondagi boshqa diniy va etnik ozchilik guruhlar vakillariga qarshi genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlarini yoritishda davom etadi. Biz XXRni BMT Oliy komissari tavsiyalarini to‘liq amalga oshirishga undashda davom etamiz. Biz uyg‘urlar va boshqa etnik va diniy ozchilik guruhlar vakillari bilan birga bo‘lishda davom etamiz va jinoyatchilarni javobgarlikka tortamiz”, - dedi AQSh rasmiysi.
31-oktabr kuni 50 ta davlat BMT Bosh Assambleyasida Xitoy Xalq Respublikasidagi inson huquqlari ahvoli, ayniqsa, Shinjondagi uyg‘urlar va boshqa, asosan, musulmon ozchilik guruhlarga nisbatan davom etayotgan insoniy huquqbuzarliklardan jiddiy xavotir bildirib qo‘shma bayonot imzoladi va Pekinni o‘zboshimchalik bilan hibsga olinganlarni zudlik bilan ozod qilishga, bedarak yo‘qolganlarning taqdiri va qayerdaligini aniqlashga chaqirdi.
Hech bir davlat o'z fuqarolariga nisbatan sodir qiladigan huquqbuzarliklar uchun javobgarlikdan ozod qilinmagan.