Accessibility links

Breaking News

Blinken: Isroilni qo'llab-quvvatlashda davom etamiz


AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken

Yaqinda Amerika Yahudiy fuqarolik jamiyati tashkilotiga qilgan murojaatida AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken Qo'shma Shtatlar va Isroil hamkorligi mustahkamligini ta'kidlab, Vashingtonning Isroilga xavfsizlik bo'yicha yordami "muqaddas" ekanini qayd etdi.

Bu yordam faqat Isroilga xorijiy harbiy ko’mak berish va raketalarga qarshi mudofaani moliyalashtirishdan iborat emas. U Isroil xavfsizligini diplomatiya orqali, shu jumladan, Isroil va uning qoʻshnilari va butun dunyo mamlakatlari oʻrtasida diplomatik munosabatlarini qoʻllab-quvvatlashni ham o’z ichiga oladi.

"Shuning uchun biz Ibrohim kelishuvlari va Isroil va arab davlatlari o'rtasidagi boshqa normallashtirish kelishuvlarini ilgari surish va kengaytirish uchun tinimsiz ishladik", - dedi Davlat kotibi Blinken.

U, shuningdek, Isroil va Livan oʻrtasida doimiy dengiz chegarasini oʻrnatish boʻyicha oktabrdagi tarixiy kelishuvga erishishda AQShning vositachilik saʼy-harakatlariga va iyul oyida Hindiston, Isroil, BAA va Qoʻshma Shtatlar rahbarlari ishtirokida boʻlib oʻtgan sammitga eʼtibor qaratdi.

Isroil va uning qo'shnilari o'rtasidagi normallashuv yaxshi, lekin u isroilliklar va falastinliklar o'rtasida o’rnatish lozim bo’lgan tinchlik o'rnini bosa olmaydi, dedi Blinken.

Unga ko’ra, Ikki davlatchilik kelishuvi istiqbollariga putur yetkazadigan har qanday harakatlarga, shu jumladan, tinch aholiga nisbatan zo'ravonlikni qo'zg'ashga, G'arbiy Sohilni anneksiya qilish tomon urinishlarga hamda muqaddas joylardagi tarixiy status-kvoning buzilishiga yo’l qo’ymaslik kerak.

"Haqiqat shundaki, - dedi AQSh davlat kotibi, - bugungi kunda falastinliklar va isroilliklar teng darajada erkinlik, xavfsizlik yoki imkoniyatlardan foydalana olmayapti".

Uning ta'kidlashicha, Bayden-Xarris ma'muriyati Falastin xalqi bilan qayta aloqa o'rnatgan, jumladan, 890 million dollardan ortiq yordam ko'rsatgan.

"Biz Isroil hukumatini falastinliklarning hayotini moddiy jihatdan yaxshilaydigan siyosat islohotlarini amalga oshirishga undadik", - dedi Blinken.

Bundan tashqari, “Falastin maʼmuriyati mazmunli islohotlar oʻtkazishi kerak, chunki Falastin xalqining noroziligi boshqaruvning yoʻqligi va korrupsiyadan kelib chiqmoqda”, deya qo’shimcha qildi u.

Ko'plab isroilliklar va falastinliklar ikki davlat qurish uchun o'nlab yillar davom etgan urinishlardan hafsalasi pir bo'lgan bo'lsa-da, "Biz umidimizni uzolmaymiz", dedi Davlat kotibi Blinken.

"Aynan bunday qiyin paytlarda biz, shunchaki, ko'proq ishlashimiz kerak, taraqqiyot hali ham mumkinligini ko'rsatish uchun qo'limizdan kelgan barcha imkoniyatlarni ishga solishda davom etishimiz kerak", - dedi u.

XS
SM
MD
LG