Amerika Qo'shma Shtatlari mojarolar paytida yuz bergan jinsiy zo'ravonlikning barcha turlari uchun adolat va javobgarlik ta'minlanishini istaydi.
Iyun oyida AQSh IShID guruhining ikki yetakchisini maxsus tayinlangan global terrorchilar ro'yxatiga kiritdi. Har ikki shaxs yazidiylarga qarshi jinsiy zo'ravonlik sodir qilgan va yazidiy ayollari va qizlarini o'g'irlash va qul qilishga mas’ul bo'lgan, dedi AQShning BMTdagi elchisi Linda Tomas-Grinfild:
“Ushbu ikki shaxsning ro’yxatga kiritilishi tarixiy voqea boʻlib, birinchi marta mojarolar bilan bogʻliq jinsiy zoʻravonlikka alohida eʼtibor qaratilishi AQSh sanksiyalarining kiritilishiga olib keldi. Biz hech qachon adolat uchun kurashni to'xtatmaymiz va 2700 dan ortiq yazidiy ayollar va bolalarni esdan chiqarmaymiz”, - dedi u.
Elchi Tomas-Grinfild BMTga a'zo davlatlarni BMT agentliklarini va jinsiy zo'ravonlikdan omon qolganlarga xizmat ko'rsatish bilan shug'ullanuvchi hamkorlarni moliyalashtirishni ko'paytirishga chaqirdi.
“Birgina misol, Suriya shimoli-sharqidagi al-Hol va Roj lagerlarida istiqomat qiluvchi ko‘plab odamlar ham – ularning ba’zilari IShID jangarilarining oila a’zolari – mojaro hududlaridagi jinsiy zo'ravonlik qurbonlari va omon qolganlardir. Ushbu lagerlardagi vaziyat insonparvarlik, inson huquqlari va xavfsizlik bilan bog’liq inqiroz bo’lib, mamlakatlar o'z fuqarolarini vataniga qaytarishga shoshilishi kerak", - dedi AQSh rasmiysi.
AQSh IShIDning hibsga olingan jangarilarini hamda al-Hol va Roj lagerlariga ko'chirilganlarni vataniga qaytarishni eng muhim vazifa deb biladi. Bu IShIDning Suriyada qayta paydo bo'lmasligini ta'minlashga yordam beradi va inson huquqlarining keyingi buzilishini oldini oladi.
AQSh Afrika bo'ylab ortib borayotgan terrorizm tahdidiga ham alohida e'tibor qaratmoqda, dedi elchi Tomas-Grinfild.
“Biz Saheldagi qator hududlarning harbiylar tomonidan egallab olinishini mintaqada terrorizmga qarshi kurashga xalaqit berishidan chuqur xavotirdamiz. Qoʻshma Shtatlar afrikalik hamkorlarimizga Daish va “Al-Qoida” bo’limlarini xalqaro huquqqa muvofiq tarzda yoʻq qilishda muhim yordamni berishda davom etmoqda. Yana bir bor taʼkidlamoqchimanki, huquqni muhofaza qilish organlari va xavfsizlik xizmatining keng qamrovli javoblari terrorizm va zoʻravon ekstremizmning oldini olishda va unga qarshi kurashda muhim ahamiyatga ega”, - dedi AQSh elchisi.
Janubiy Osiyoda Afg'oniston terrorchi guruhlarga, jumladan, “Al-Qoida” va “IShID-Xuroson”ga xavfsiz boshpana bermasligi kerak. Ular hujumlar uyushtirishni davom ettirmoqda va Afg'oniston va Pokistonda yuz bergan halokatli hujumlar uchun mas’uliyatni o'z zimmasiga olgan.
Xalqaro hamjamiyat terrorizmga qarshi kurashda o‘z ehtiyotkorligini kamaytirmasligi kerak.