Majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlarni import qilishni taqiqlovchi 1830-yilgi AQSh qonuni 2021-yilda Prezident Jo Bayden Uygʻurlar majburiy mehnatining oldini olish toʻgʻrisidagi qonunni imzolaganidan soʻng yanada mustahkamlandi. Ushbu qonun Shinjon-Uyg'ur avtonom viloyatida majburiy mehnat orqali ishlab chiqarilgan mahsulotlarni AQShga import qilishni taqiqlaydi.
AQSh Mehnat vazirining xalqaro ishlar bo'yicha o'rinbosari Tia Li yaqinda bo'lib o'tgan Kongress tinglovida shunday dedi:
“Shinjon Xitoyning uzoq gʻarbiy mintaqasi boʻlib, u yerda yuz minglab uygʻurlar, etnik qozoqlar, qirgʻizlar va boshqa quvgʻinga uchragan guruhlarning aʼzolari oʻzboshimchalik bilan hibsga olinib, majburiy mehnatga jalb etilgan holda mahsulotlar ishlab chiqaradigan hududdir. U, ko'pincha, AQShning ichki va global ta'minot zanjirlari tarkibiga kiradi.
Qonun ijrosi majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan tovarlar importiga qarshi kurashda bir nechta vositalardan foydalanadigan AQSh hukumatining idoralararo ishchi guruhi orqali amalga oshiriladi. Ushbu vositalar Shinjonda to'liq yoki qisman majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan har qanday mahsulot yoki tovarni qayta ishlaydigan yoki ishlab chiqaradigan korxonalar ro'yxatini ishlab chiqishni o'z ichiga oladi.
Tashkil etilgan ro'yxatda 20 ta shunday subyekt aniqlangan. Ro'yxat hajmi yaqinda 50 foizga kengaytirildi. Ishchi guruh, shuningdek, to'qimachilik, pomidor va polikremniy kabi ehtiyoj katta bo’lgan sohalarni ham nazorat qiladi.
AQSh Bojxona va chegara himoya xizmati ta'minot zanjirlarida majburiy mehnat haqidagi da'volarni tekshirish orqali majburiy mehnat bilan ishlab chiqarilgan mahsulotlarning AQSh bozoriga kirishining oldini olish uchun javobgar. Bu idoraning Savdoni himoya qilish bo'yicha huquqni muhofaza qilish boshqarmasi ijrochi direktori Erik Choyning Kongressga ma'lum qilishicha, Uygʻurlar majburiy mehnatining oldini olish toʻgʻrisidagi qonun 2022-yil iyun oyida kuchga kirganidan beri qiymati 2 milliard dollardan ortiq bo'lgan 6000 dan ortiq tovarlar to'xtatildi.
"Agentlik ta'minot zanjirlarini xaritalash va ular majburiy mehnatdan xoli bo'lishini ta'minlash hamda yuqori xavfli tovarlarni tadqiq qilish uchun texnologiyalardan foydalanmoqda”, - deydi Choy.
AQSh Milliy xavfsizlik kotibining Savdo va iqtisodiy xavfsizlik siyosati bo‘yicha yordamchisi vazifasini bajaruvchi Krista Brzozovskiyning Kongressga ma’lum qilishicha, qonun joriy etilganidan beri sanoat va ta’minot zanjiridagilar vaziyatga jiddiy yondashib, ta’minot manbalarini o‘zgartirish va diversifikatsiya qilish yo’lidan bormoqda.
AQSh Davlat kotibi Entoni Blinken aytganidek, Vashington “hamma joyda, shu jumladan, genotsid va insoniyatga qarshi jinoyatlar davom etayotgan Shinjonda ham majburiy mehnatga qarshi kurash” ishlariga sodiq qoladi.