Agar ayollar mojarolarni hal qilish va tinchlik o'rnatish jarayonida ishtirok etsa, adolatli va mustahkam tinchlikka erishish imkoniyatlari ortadi.
“Biz bilamizki, ayollarning mojarodagi tajribasi, jamiyat yetakchiligi va tinchlik oʻrnatishdagi roli, shuningdek, texnik tajribasi ularni tinchlik davomiyligining barcha bosqichlarida muhim hamkorga aylantiradi”, - dedi Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi AQSh vakili oʻrinbosari vazifasini bajaruvchi Elizabet Millard.
"Ayollar stolda bo'lsa va to'liq, teng, mazmunli va xavfsiz ishtirok eta olsa, davlatlar uzoq muddatli hamda inklyuziv tinchlik bitimlariga va butun jamiyat uchun yaxshi natijalarga erishish ehtimoli ko'proq bo'ladi”, - deya qo’shimcha qildi rasmiy.
Ayollarning ishtiroki butun dunyo bo'ylab barqaror tinchlik bo'yicha muzokaralar uchun juda muhim bo'lganligi sababli, BMT Xavfsizlik Kengashi qarib chorak asr oldin 1325-sonli rezolyutsiyasini qabul qilgan. Hujjatda tinchlik muzokaralarida, gumanitar rejalashtirishda, tinchlikparvar operatsiyalarda, mojarodan keyingi tinchlik o‘rnatish va boshqaruvda ayollar ishtirokining muhimligi va gender istiqbollarini qo‘shish batafsil bayon etilgan.
Shunga qaramay, “Biz tan olishimiz kerakki, global kun tartibini amalga oshirishda doimiy bo‘shliqlar mavjud va so‘nggi yillarda global gender tengligi bo‘yicha orqaga chekinish kuzatilmoqda”, - dedi Millard BMTning Tinchlik o'rnatish komissiyasi yig'ilishida.
Ayollarni tinchlik jarayonlarining mazmunli ishtirokchisiga aylantirishda, ularning yetakchilar, muzokarachilar, tinchlikparvarlar va tinchlik o'rnatuvchilar sifatidagi integratsiyalashuvi yo'lida sekin, ammo barqaror taraqqiyotga erishilganiga qaramay, bu yo’ldagi harakatlar o'z ahamiyatini yo’qotib borayotgandek. BMTning yaqinda e'lon qilingan hisobotida ta'kidlanishicha, 2020-yilda ayollar BMT boshchiligidagi yoki hamkorligidagi tinchlik jarayonlarida mojarolarni hal qilish delegatlarining 23 foizini tashkil qilgan.
Keyingi yilda bu raqam 19 foizga kamaygan va 2022-yilda atigi 16 foizni tashkil etgan.
"Tinchlik davomiyligida ayollarning ishtirok etishiga to'sqinlik qiladigan yana bir to'siq mablag'ning yetarli emasligidir, - dedi elchi Millard. - Qo'shma Shtatlar barqaror tinchlikni ta'minlash uchun “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” dasturini moliyalashtirishga ko'proq sarmoya kiritish zarurligini yana bir bor ta'kidlaydi".
“Tinchlik quruvchi ayollar va yoshlar hamda ularning tashkilotlari yetarli darajada moliyalashtirilishi va tadbirkor ayollar mojarolardan aziyat chekkan sharoitlarda oʻzgarishlar agenti boʻlish vakolatiga ega boʻlishi juda muhim”, - dedi u.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrishdan iqtibos keltirgan holda, elchi Millard yana shunday dedi:
“Agar siz oʻzgarishlarni boshqarayotgan ayollar bilan birga boʻlishni istasangiz, mojarolarga chidashda ayollarni qoʻllab-quvvatlamoqchi boʻlsangiz, ishtirok etish yoʻlidagi toʻsiqlarni olib tashlamoqchi boʻlsangiz va ayollar tashkilotlari buni amalga oshirishini istasangiz, biz buning uchun sarmoya qilishimiz kerak".
“Ayollar, tinchlik va xavfsizlik kun tartibini kam moliyalashtirish, - deya qoʻshimcha qildi u, - barcha tinchlik tashabbuslarimizni barbod qiladi”.