Kubaning markazlashtirilgan va rejalashtirilgan iqtisodiyoti yuqori inflyatsiya va halokatli energiya va oziq-ovqat tanqisligi tufayli dahshatli holatda. Hozirgi vaziyat 1959-yilda Kubada yuz bergan kommunistik inqilobdan beri eng yomon inqiroz ekani aytilmoqda. Yaqinda bo'lib o'tgan yig'ilishda Kuba rahbari Migel Dias-Kanel o'z vazirlarini "inqilobni saqlab qolish va sotsializmni asrash"ga chaqirgan.
Ammo AQSh Davlat kotibining G'arbiy yarim shar bo'yicha yordamchisi o'rinbosari Erik Yakobshteyn yaqinda bo'lib o'tgan Kongress tinglovida "Kubada kommunizm barbod bo'ldi", deb ta’kidladi.
“Kuba xalqi oʻz iqtisodiy taqdirini oʻzi boshqarishga intiladi. Bugungi kunda Kuba ishchi kuchining uchdan biridan ortig'i oroldagi 11 000 dan ortiq xususiy korxonalarida ishlaydi”, - dedi u.
"Kuba xalqi hali ham Qo'shma Shtatlarni sherik sifatida ko'radi, - dedi Davlat kotibi yordamchisi o'rinbosari Yakobshteyn. - Shuning uchun biz Rossiya yoki Xitoyga imkoniyatni bera olmaymiz va xususiy sektorning o'sishiga yordam berishda davom etishimiz kerak".
“Biz bu nardsa Kubani bir kechada kapitalistik demokratiyaga aylantirmasligini tan olamiz. Ammo biz Kubaning dinamik xususiy sektori oddiy kubaliklarga yaxshi hayot uchun imkoniyat yaratishiga ishonamiz”, - deya qo’shimcha qildi Yakobshteyn.
Bunday natijani qo'llab-quvvatlash uchun AQSh yaqinda Kubaning xususiy sektor tadbirkorlarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan bir qator me'yoriy o'zgarishlarni amalga oshirdi. Shu jumladan, AQSh moliyaviy xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
AQSh siyosati, shuningdek, Kuba xalqining inson huquqlari va asosiy erkinliklarini qo'llab-quvvatlashga qaratilgan, dedi Davlat kotibi yordamchisi o'rinbosari Yakobshteyn:
“Kuba rejimi 1000 ga yaqin nohaq hibsga olingan siyosiy mahbuslarni panjara ortida ushlab turibdi. Bunga 2021-yil 11-iyuldan boshlab yuzlab tinch namoyishchilar kiradi. Biz ikki tomonlama va ko‘p tomonlama kanallar orqali ularni so‘zsiz va zudlik bilan ozod qilishga doimo intilamiz”.
2021-yil iyuldagi norozilik namoyishlaridan so'ng, AQSh Global Magnitskiy qonuniga binoan, bu tinch namoyishchilarni bostirish uchun mas'ul bo'lgan Kuba armiyasi va Ichki ishlar vazirligining tarkibiy qismlari va xodimlariga nisbatan sanksiyalar kiritdi. Davlat departamenti, shuningdek, tinch namoyishchilarni nohaq hibsga olishga va soxta sudlovlarga yo'l qo'ygan 28 nafar kubalik amaldorga nisbatan viza cheklovlarini joriy qildi, dedi davlat kotibi yordamchisi o'rinbosari Yakobshteyn.
“Ikki tomonlama munosabatlarda inson huquqlari bizning ustuvor yo‘nalishimiz bo‘lib qolmoqda”, — dedi u.
Vashington Kuba xalqi bilan birga bo'lishda davom etadi va uning inson huquqlari himoyasi, farovonlik va yanada hurmatli kelajakka ega bo’lish haqidagi talablarini qo'llab-quvvatlaydi.