28-may kuni Gruziya parlamenti Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili veto qo’ygan va ko’plab tanqidchilar demokratiyaga zarba sifatida baholagan qonun loyihasini qabul qildi. AQShning Milliy xavfsizlik bo'yicha maslahatchisi Jeyk Sallivan qonun loyihasini "demokratik qadriyatlarga zid bo'lgan Kreml uslubidagi xorijiy agentlar qonuni" deb atadi.
Qonun loyihasiga ko‘ra, agar nodavlat tashkilot moliyalashtirishning kamida 20 foizini xorijdan oladigan bo‘lsa, NNT maxsus ro‘yxatdan o‘tib, “xorijiy davlat manfaatlarini amalga oshirayotganini” e’lon qilishi kerak. Shuningdek, u batafsil moliyaviy ma'lumotlarni taqdim etishi zarur.
Gruziyaning hukmron Orzular partiyasi tomonidan ilgari surilgan qonun loyihasi minglab gruziyaliklarning bir necha hafta davom etgan norozilik namoyishlariga sabab bo‘ldi. Parlamentning oxirgi ma'qullash ovozi oldidan AQSh Davlat kotibi Antoni Blinken o‘z bayonotida bunday qonun “uyushish va so‘z erkinligidan foydalanishni bo‘g‘adi, Gruziya fuqarolariga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarni qoralaydi va gruzinlarga yuqori sifatli ma’lumotlardan foydalanishni ta’minlashga harakat qilayotgan ommaviy axborot vositalariga to‘sqinlik qiladi”, deb ogohlantirdi.
U Gruziya hukumatining "qonuniy norozilikni bostirish uchun qo'llagan repressiv taktikasidan" taassuf bildirib, Qo'shma Shtatlar Gruziya uchun yangi viza cheklovi siyosatini amalga oshirayotganini e'lon qildi. "Bu Gruziyadagi demokratiyaga putur yetkazishga mas'ul bo'lgan yoki unga sherik bo'lgan shaxslarga va ularning oila a’zolariga nisbatan qo'llaniladi”, - dedi Blinken.
Ovoz berishdan keyin Davlat departamenti Matbuot kotibi Metyu Miller Gruziya parlamentining bu harakatini qoraladi:
“Ushbu qonunni qabul qilishda hukmron “Gruziya orzusi” partiyasi mamlakatni Yevropa integratsiyasi yoʻlidan uzoqlashtirdi va bir necha hafta davomida koʻchalarda qarshilik koʻrsatgan gruzin xalqining Yevroatlantika intilishlarini eʼtiborsiz qoldirdi. Hukmron partiyaning harakatlari va G‘arbga qarshi ritorika Gruziyaning demokratik trayektoriyasiga, kelajakdagi iqtisodiy xavfsizligiga, Yevropa Ittifoqiga a’zoligiga tahdid soladi; shuningdek, AQSh-Gruziya munosabatlarini xavf ostiga qo‘yadi”.
Matbuot kotibi Miller Vashington ham AQSh va Gruziya o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikni har tomonlama ko'rib chiqishni boshlaganini ta'kidladi:
"O'tgan hafta kotib Blinken aytganidek, biz o'z qarorimizni qabul qilishda “Gruziya orzusi” partiyasi harakatlarini hisobga olamiz".
"Qo'shma Shtatlar, - dedi matbuot kotibi Miller, - gruzin xalqining demokratik va G'arb kelajagi yo'lida qilayotgan harakatlarida uning yonida. Gruziya rahbarlari Gruziyani xalq xohlagan G‘arb yo‘nalishida olg‘a siljitish uchun zarur bo‘lgan qadamlardan voz kechayotgani achinarli”.