AQSh 2025-yil 20-yanvarda hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirishga tayyorlanar ekan, Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchi Jeyk Sallivan mamlakatni kutayotgan eng dolzarb xavfsizlik tahdidlari bo‘yicha o‘z fikrlarini bildirdi.
“Strategik darajada qaraydigan bo‘lsak, Xitoy Xalq Respublikasi bilan raqobat keyingi 10, 20 va 30 yillarda dunyo qanday shakllanishini belgilovchi omil bo‘ladi. Shuning uchun bu kelayotgan ma’muriyat uchun eng asosiy ustuvor vazifa bo‘lishi kerak,” - dedi u.
Sallivanning ta’kidlashicha, AQSh va Xitoy o‘zaro raqobatni, ayniqsa, harbiy darajada, mas’uliyat bilan boshqarishi uchun ikki davlat barcha darajalarda muloqot kanallarini uzoq muddat davomida ochiq saqlashi shart.
Milliy xavfsizlik maslahatchisi Sallivan AQSh uchun “eng dolzarb” tashqi siyosiy muammo sifatida Eron va uning qudratli guruhlari tomonidan o‘tkazilayotgan harakatlarni tilga oldi:
“Ular amerikaliklar va Yaqin Sharqdagi Amerika manfaatlariga bevosita tahdid solishda davom etmoqda va bu masala zudlik bilan hal qilinishi kerak”.
“Xitoy va Erondan tashqari, Rossiyaning Ukrainaga qarshi olib borayotgan tajovuzkor urushi bor. Bu Yevropa xavfsizligiga, demak, global xavfsizlikka ham katta tahdid tug‘diradi. Shuningdek, Shimoliy Koreya bu urushga qo‘shin yuborishga urinayotganini ko‘ryapmiz,” - deya qo‘shimcha qildi Sallivan.
U AQShning Xitoy bilan uzoq muddatli raqobati kabi tashqi siyosiy masalalardagi muvaffaqiyat ikki partiya o‘rtasidagi hamkorlikka asoslangan bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
“Siyosatimizning Xitoy va Hind-Tinch okeani mintaqasiga nisbatan yo‘nalishining ko‘p jihatlari ikki partiya tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Ukraina masalasida ham xuddi shunday: Vakillar palatasi va Senatda Ukrainaga ajratilgan resurslar va strategiya bo‘yicha kuchli ikki partiyaviy qo‘llab-quvvatlash mavjud. Bizning nuqtai nazarimiz bo’yicha, bunday hamkorlik davom etishi kerak,” - dedi u.
Bu esa kelayotgan ma’muriyat qabul qilishi kerak bo‘lgan qarorlardir.
“Bizningcha, ittifoqlarimizni mustahkamlash, ichki imkoniyatlarimizni rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalarimizni himoya qilish kabi masalalar siyosiy mavzular emas, balki butun xalqimiz manfaatlariga xizmat qiladigan Amerika masalalaridir. Shu bois biz ularni ilgari surishda davom etamiz.”