Accessibility links

Breaking News

AQSh global xavfsizlikni ta'minlashda yetakchilikni davom ettiradi


AQSh Davlat kotibining Qurol nazorati va xalqaro xavfsizlik bo'yicha o'rinbosari Bonni Jenkins Kongress oldida bergan hisobotida aytishicha, dunyodagi xavfsizlik bo’yicha yangi vaziyat AQShdan o'zini va ittifoqchilarini hozirgi va yangi paydo bo'layotgan muammolardan himoya qilishda innovatsion yetakchilikni talab qiladi.

Bu muammolarga Rossiyaning Ukrainaga uyushtirgan keng ko'lamli bosqini; Xitoy Xalq Respublikasining Tayvanga bosimi; Yaqin Sharqda Isroil o'zini Xamas terrorizmidan himoya qilishiga oid mojaro; xutiylarning savdo kemalariga hujumi hamda Rossiya, KXDR va Eron o'rtasida hamkorlikning chuqurlashishi kiradi.

Davlat kotibi o'rinbosari Jenkinsning aytishicha, Qo'shma Shtatlar ushbu va paydo bo'layotgan yangi tahdidlarga munosib javob beradi:

“Rossiya Yevropadagi an’anaviy qurolli kuchlar toʻgʻrisidagi shartnomadan chiqib ketishiga javoban, ushbu maʼmuriyat bu kelishuvni bekor qilish bo’yicha ittifoqchilarning birligini taʼminladi. Biz Birlashgan Millatlar Tashkilotining rezolyutsiyalarini taklif qildik va qabul qildik. Unda mamlakatlarni to'g'ridan-to'g'ri sun'iy yo'ldoshlarga qarshi raketalarning halokatli sinovlarini o'tkazmaslik va radiologik qurollardan foydalanmaslikka chaqirdik. Biz davlatlarni sun’iy intellektdan harbiy maqsadlarda foydalanishda mas'uliyatli bo’lishga undadik hamda AQShning kimyoviy qurol zaxiralarini yo'q qilib, ommaviy qirg'in qurollarining butun toifasini batamom tugatdik”.

Shu bilan birga, dedi Davlat kotib o'rinbosari Jenkins, AQSh yadroviy kafolatlar va xavfsizlikni kuchaytirib, atom energiyasi va tinch yadroviy hamkorlikda sherik bo'lgan davlatlarga yordam bermoqda.

Shuningdek, AQSh muhim texnologiyalarni himoya qilish uchun taqiqlash choralarini kuchaytiradi; yarim o'tkazgich va boshqa rivojlanayotgan texnologiyalarni himoya qilish imkonlari ustida ishlaydi.

“Eng yaqin ittifoqchilarimiz bilan yelkama-yelka turish Amerika diplomatiyasining o’ziga xos belgilaridan biridir”, - deydi Jenkins.
U Tayvanning o‘zini-o‘zi mudofaa qobiliyatini Qo‘shma Shtatlar tomonidan kuchaytirilayotganiga, shuningdek, AQSh o‘z ittifoqchilari va hamkorlariga Rossiyada ishlab chiqarilgan uskunalardan voz kechishda yordam berishiga ishora qildi.

Jenkins, shuningdek, AUKUS nomi bilan tanilgan Avstraliya, Buyuk Britaniya va Qo'shma Shtatlar o'rtasidagi xavfsizlik bo'yicha uch tomonlama hamkorlikni Amerika diplomatiyasining "asosiy modeli" deb atadi.

“Eng yaqin ittifoqchilarimiz bilan hamkorlikni chuqurlashtiradigan, mudofaa va xavfsizlik boʻyicha uzoq muddatli sherikligimizni mustahkamlaydigan, erkin va ochiq Hind-Tinch okeani haqidagi umumiy qarashlarimizni ilgari surishda davom etishimiz uchun aniq yoʻlni taqdim etadigan avlod imkoniyati bu. U mintaqada va butun dunyoda yadroviy qurollarni tarqatmaslik bo'yicha eng yuqori standartlarga sodiqlik va qat'iylik haqida juda kuchli signal yuboradi”, - dedi rasmiy.

Davlat kotibi oʻrinbosari Jenkinsga ko’ra, AQSh “dushmanlarimiz yoki raqobatchilarimiz qaysi sohalarga kirib borayotgani hamda bizning harakatlarimiz kelajak avlodlar xavfsizligini qanday ta’minlashi” haqida aniq qarashlarga ega.

XS
SM
MD
LG