Birlashgan Millatlar Tashkilotining Qochqinlar bo'yicha Oliy komissari Filippo Grandi so'zlariga ko'ra, urush, zo'ravonlik va ta'qiblar tufayli uy-joyini tashlab ketganlar soni 114 millionga yetgan. Bu raqam yana oshishi kutilmoqda.
O'sib borayotgan falokatning asosiy sabablaridan biri bu deyarli barcha mojaro tomonlari urushning asosiy qoidalariga rioya qilishni to'xtatganligidir. Borgan sari tinch aholi nishonga olinmoqda; zo'rlash va jinsiy zo'ravonlik esa urush quroli sifatida qo'llanilyapti. Bu shafqatsiz xatti-harakatlar qo'rqitish uchun qilinganligi sababli, tinch aholining qochishdan boshqa iloji yo'q, dedi u. Ammo ko'proq odamlar yordamga muhtoj bo'lsa ham, gumanitar yordam kamaygan.
"Qo'shma Shtatlar qochqinlar va ularni qabul qiluvchi mamlakatlarni qo'llab-quvvatlash uchun butun dunyo bo'ylab muhim choralar ko'rishda davom etmoqda", - dedi AQShning maxsus siyosiy masalalar bo'yicha muqobil vakili Robert Vud.
“Qo'shma Shtatlar dunyodagi eng yirik yagona gumanitar donordir. Birgina 2023-moliya yilimizda biz Amerika xalqi nomidan 15 milliard dollarga yaqin global gumanitar yordam ko‘rsatdik”, - deya qo’shimcha qildi u.
“2023-yilda biz AQShga 60 014 ko‘chirilgan qochqinni qabul qildik va bu yil kelganlar soni 100 000 ga yetib yoki undan oshib ketishi kutilyapti. Biz o‘z vazifamizni bajaryapmiz va boshqa a’zo davlatlarni ko‘proq harakat qilishga chaqiramiz”, — dedi elchi Vud.
“Bizning qochqinlarni qabul qilish dasturimiz joriy moliyaviy yilda dunyoning har bir qit'asi va burchagidan, 95 ta mezbon davlatdan 79 millat vakillaridan qochqinlarni olib kelganidan faxrlanamiz. Biz ishonamizki, barcha qochqinlar, kelib chiqishi va malakalari bilan, uzoq muddatli yechimlarga, jumladan, uchinchi mamlakatga ko‘chishga loyiqdir”, - dedi AQSh rasmiysi.
Qochqinlarni himoya qilish juda muhim. Biroq, “Bizga har qachongidan ham ko‘proq gumanitar moliyalashtirish, rivojlanish sa’y-harakatlari va xususiy sektor investitsiyalari kerak; bugungi murakkab majburiy ko‘chirilish inqirozini samarali hal qilish uchun birgalikda ishlashimiz kerak”, - dedi elchi Vud.
“Biz mahalliy va mintaqaviy yechimlarga, jumladan, qochqinlar va muhojirlarning xavfsiz va munosib harakat qilishlari uchun qonuniy yo'llarga ko'proq e'tibor qaratishimiz kerak. Markaziy va Janubiy Amerikadagi “Safe Mobility Offices” dasturi bu boradagi sa’y-harakatlarimizni o’zida ifodalaydi”, - dedi u.
"Bugun butun dunyo bo'ylab qochqinlar, boshpana izlovchilar va fuqaroligi bo'lmagan shaxslar himoya qilish bo'yicha majburiyatimizni bajarishimizga muhtoj", - dedi AQSh elchisi.