“Barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash – bu umumiy kelajagimizga qaratilgan eng oqilona investitsiyalardan biridir”, - dedi AQShning hududiy elchisi Joan Pleysted Birlashgan Millatlar Tashkiloti Ikkinchi qo‘mitasining Barqaror rivojlanish bo‘yicha o’tkazgan umumiy muhokamasida.
AQSh 2030-yil kun tartibi va Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni tezlashtirishga sodiqdir. “Bu 17 maqsad, - dedi elchi Pleysted, - qashshoqlikka barham berish, sayyoramizni asrash, har bir insonning qadr-qimmatini himoya qilish va hech kimni chetda qoldirmaslik bo‘yicha global chaqiriqni aks ettiradi”.
18-sentabr kuni AQSh Global rivojlanish bo‘yicha yangi strategiyasini e'lon qildi, deya qayd etdi elchi Pleysted.
“Mazkur strategiya yordamida biz erishilgan rivojlanish yutuqlarini himoya qilishni kuchaytirib, rivojlanayotgan mamlakatlardagi hamkorlarimizning dolzarb ehtiyojlarini qondirishga ko‘maklashish uchun barcha vositalar, resurslar va tajribamizni ishga solmoqdamiz. Dunyo hanuz bir nechta inqirozlar bilan kurashmoqda – COVID-19 pandemiyasining davom etayotgan ta’sirlari, oziq-ovqat xavfsizligi va global miqyosdagi gumanitar muammolar, shuningdek, kuchayib borayotgan mojarolar. Biz Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lida yo‘qotilgan rivojlanish yutuqlarini tiklash va umumiy taraqqiyotni tezlashtirish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz kerak. Buning uchun kuchliroq va chidamli tizimlar barpo etish muhimdir”, - dedi rasmiy.
Elchi Pleystedning ta’kidlashicha, AQShning Global rivojlanish strategiyasi 2030-yil kun tartibiga mos ravishda global rivojlanishni tezlashtirish uchun beshta strategik ustuvor yo‘nalishni belgilaydi:
“Birinchidan, qashshoqlikni inklyuziv va barqaror iqtisodiy o‘sish hamda sifatli infratuzilmani rivojlantirish orqali kamaytirish; ikkinchidan, sog‘liqni saqlash, oziq-ovqat xavfsizligi va inson kapitaliga investitsiya kiritish; uchinchidan, iqtisodiyotni dekarbonizatsiya qilish va iqlim barqarorligini oshirish; to‘rtinchidan, demokratiya, inson huquqlari va yaxshi boshqaruvni targ‘ib qilish, mojarolar va zaifliklarni bartaraf etish va beshinchidan, gumanitar ehtiyojlarga javob berish”.
AQSh gumanitar yordam bo‘yicha dunyodagi eng yirik donor sifatida qolmoqda. Bayden-Xarris ma’muriyatining dastlabki uch yili ichida AQSh 150 milliard dollardan ortiq tashqi yordam ko‘rsatdi va xususiy sektor investitsiyalarini safarbar etdi.
AQSh kelajakni quyidagicha tasavvur qiladi: bolalar och qolmaydi, hamma sog‘liqni saqlash va ta’limdan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi, ishchilar huquqlari himoyalanadi, atrof-muhit muhofaza qilinadi, tadbirkorlar imkoniyatlardan foydalanadi, mojarolar oldi olinadi va demokratiyalar barcha uchun yaxshiroq jamiyat barpo etadi.
Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish – bu erkinroq, adolatliroq, farovon va xavfsiz dunyoni qurishga qaratilgan kuchli tizimlarni yaratishdir. AQSh qo‘lga kiritilgan rivojlanish yutuqlarini qadrlaydi va barcha uchun barqaror kelajak yo‘lida qat’iyat bilan harakat qilishni davom ettiradi.